TOShKENT, 9 apr – Sputnik. Shanxay hamkorlik tashkilotida (ShHT) O‘zbekiston tomoni raisligida tashkilotga a’zo davlatlar ekspertlarining yadroviy xavfsizlik masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda ShHT matbuot xizmati xabar berdi.
“2026 yilning 7-8 aprel kunlari Pekinda Shanxay hamkorlik tashkiloti Kotibiyatida O‘zbekiston tomoni raisligida gibrid formatda ShHTga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining yadro xavfsizligi yo‘lida ko‘p tomonlama sheriklikni mustahkamlash to‘g‘risidagi deklaratsiyasi loyihasini muhokama qilishga bag‘ishlangan ekspertlar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi”, — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, tomonlar hujjat loyihasi yuzasidan mazmunli fikr almashgan.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil 1-sentabrda Tanszinda bo‘lib o‘tgan ShHT sammitida Shavkat Mirziyoyev tashkilot doirasida “yadro xavfsizligi yo‘lida ko‘p tomonlama sheriklikni mustahkamlash to‘g‘risidagi deklaratsiya”ni qabul qilishni taklif qilgan edi.
Prezident ushbu hujjat tinch atomni rivojlantirish, favqulodda holatlarga javob berish va BMT homiyligidagi yadroviy qurolni tarqatmaslik rejimiga hissa qo‘shish uchun asos bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan.
Shuningdek, 2026-yil yanvar oyida O‘zbekiston va Xitoy radiatsiya hamda yadro xavfsizligi sohasida idoralararo memorandum imzolagan. Hujjat atom energetikasi sohasida regulyator infratuzilmani rivojlantirish, meyoriy-huquqiy bazani takomillashtirish, kadrlar salohiyatini oshirish va umumiy radiatsiya hamda yadro xavfsizligini ta’minlash kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi.