TOShKENT, 9 apr – Sputnik. “Kalashnikov” konserni maxsus harbiy operatsiya hududida dronlarga qarshi kurashish uchun mo‘ljallangan yangi 5,45 mm ko‘p o‘qli avtomat patronlarini ishlab chiqdi va ularni muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdi. Bu haqda konsern matbuot xizmati xabar qildi.
Konsern ma’lumotiga ko‘ra, sinovlar ushbu patronlarning tez harakatlanuvchi va manyovr qiladigan nishon — FPV-dronlarga qarshi qo‘llash samaradorligini baholash maqsadida o‘tkazilgan.
Qayd etilishicha, ushbu ko‘p elementli patron dronga tekkanda uning dvigateli, akkumulyator batareyasi, elektron platalari va kuch elementlarini shikastlagan. Bu esa apparatning favqulodda qulashiga olib kelgan.
Matbuot xizmatining bildirishicha, buyurtmachi yangi 5,45 mm patronlarning taktik-texnik xususiyatlari va aniqligini yuqori baholagan.
Patronlar AK-12 uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ko‘p elementli snarad hisobiga, ayniqsa FPV-dronlar kabi kichik va tez nishonlarni urish ehtimolini oshiradi. Ta’kidlanishicha, patron konstruksiyasi o‘q otish barqarorligi va qurolning ishonchli ishlashini ta’minlaydi.
Rasmiy axborotga ko‘ra, ushbu 5,45 mm patronlar konsernning tashabbuskor-eksperimental ishlanmasi hisoblanadi. Ular standart 5,45×39 mm o‘q-dorilar o‘lchamiga mos bo‘lib, AK-12ning oddiy magazinlarida ishlatilishi mumkin.