TOShKENT, 9 apr – Sputnik. Jizzax politexnika institutida Toshkent shahridagi “Moskva muhandislik fizika instituti” Milliy tadqiqot yadro universiteti (MMFI MTAU) filiali delegatsiyasi bilan rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda institut rektori Alisher Usmankulov, oliygoh rahbariyati va mas’ul xodimlar, shuningdek, MMFI MTAU filiali direktori Yuriy Maslov hamda filial mutasaddilari ishtirok etdi.
Muzokaralar chog‘ida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi. Xususan, atom energetikasi sohasida ilmiy-tadqiqot faoliyatini yo‘lga qo‘yish, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash va qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, quyidagi kelishuvlarga erishildi:
Forish tumanida barpo etilishi rejalashtirilayotgan kichik quvvatli atom elektr stansiyasi uchun zarur bo‘lgan yuqori malakali muhandis-texnik kadrlarni birgalikda tayyorlash;
qo‘shma o‘quv rejalari va ta’lim dasturlarini ishlab chiqish;
2+2 shaklidagi qo‘shma ta’lim dasturini yo‘lga qo‘yish;
institut bazasida atom energetikasi sohasida muhandislik maktabini tashkil etish hamda ilmiy-tadqiqot va amaliy tayyorgarlikni tizimli yo‘lga qo‘yish.
Qayd etilishicha, mazkur hamkorlik atom energetikasi sohasi uchun zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega yuqori malakali kadrlar tayyorlash, shuningdek, ilmiy salohiyatni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, prezidentning 2025-yil 2-dekabrda Jizzax viloyatiga tashrifi davomida Jizzax politexnika instituti qoshida atom energetikasi sohasida muhandislik maktabini tashkil etish hamda ushbu yo‘nalishda Toshkent shahridagi “Moskva muhandislik fizika instituti” Milliy tadqiqot yadro universiteti filiali bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berilgan edi.