Mirziyoyev jamoat xavfsizligi tizimini isloh qilish bo‘yicha takliflarni ma’qulladi

Mahallalarda xavfsizlikni kuchaytirish uchun inspektorlar ishi qayta tashkil etilishi, elektron platforma va yagona axborot bazasi joriy etilishi rejalashtirilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 9 apr — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev jamoat xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ularga ko‘ra, profilaktika inspektorlari ortiqcha vazifalardan ozod qilinib, mahallada xavfsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasiga to‘liq yo‘naltiriladi.
Shuningdek, kunlik onlayn yo‘riqnoma, “Mening inspektorim” elektron tizimi, elektron ma’lumot almashish, onlayn malaka oshirish va “jamoat yordamchisi” guruhlari yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda.
Ayrim huquqbuzarliklar bo‘yicha inspektorlarga qaror qabul qilish vakolati berilishi, 6 ta kam ahamiyatli qilmish uchun ma’muriy ogohlantirish joriy etilishi taklif qilindi.
Bundan tashqari, profilaktika inspektorlari, maktab inspektor-psixologlari va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlarni bog‘laydigan yagona axborot tizimi yaratiladi.
Kadrlar tayyorlash masalasidagi takliflar ham ko‘rib chiqildi, jumladan::
jamoat xavfsizligi kadrlarini dual ta’lim asosida tayyorlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish;
o‘qish jarayonida nazariya va amaliyot nisbatini 1-kursda 80/20, 2-kursda 60/40, 3-kursda 50/50 shaklida tashkil etish;
tinglovchi va talabalarni stajor lavozimiga tayinlab, murabbiy nazorati ostida mustaqil ishlashga jalb qilish;
bitiruvchilar faoliyatini 5-yil davomida monitoring qilib, malakasini doimiy oshirib borish.
Prezident takliflarni ma’qulladi va mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi
Jinoyatchilikka qarshi kurashda mutlaqo yangi tizim yaratiladi — prezident