TOShKENT, 8 apr — Sputnik. AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens Budapeshtda Yevropa Ukraina mojarosining ildizlariga o‘zi ham hissa qo‘shganini aytdi va inqirozga muzokaralar orqali yechim izlash zarurligini ta’kidladi. Bu haqda u Budapeshtda Vengriya bosh vaziri Viktor Orban bilan o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida ma’lum qildi.
“Bu mojaroning urug‘lari jangovar harakatlar boshlanishidan ancha oldin ekilgan”, — dedi Vens.
Uning so‘zlariga ko‘ra, inqiroz ildizlaridan biri Yevropa energetika siyosati bo‘lgan.
"Yevropa yetakchilari o‘ziga xos energetika iqtisodiyotiga chuqur sho‘ng‘ishga qaror qilib, amalda o‘zlarini Sharqdan keladigan neft va tabiiy gazdan uzib qo‘yishganida. Bu o‘shanda ham katta xato edi, hozir ham katta xato ekani aniq", - dedi AQSh vitse-prezidenti.
U Ukraina bo‘yicha mojaroni harbiy yo‘l emas, balki muzokaralar orqali yechim izlash zarurligini aytdi. U Viktor Orbanni “tinchlikka erishish uchun ukrainlar va ruslarga nima kerakligini tushunishga yordam berayotgan” siyosatchi sifatida ta’rifladi.
Vens, shuningdek, Ukraina maxsus xizmatlari AQSh va Vengriya saylovlariga ta’sir o‘tkazishga uringani haqida ma’lumotlar mavjudligini aytdi.
Orban ham YeI Ukraina bo‘yicha strategiyasini tanqid qildi. Uning fikricha, bu yondashuv o‘zini oqlamadi va natijada Rossiya yanada kuchliroq holatga kelib qoldi. Vengriya hukumati avval ham Ukrainaga moliyaviy yordam masalasida Brussel bilan keskin tortishib kelgan: mart oyida Budapesht Kiyev uchun ajratilishi kerak bo‘lgan 90 milliard yevroli kredit berilishini to‘sib qo‘ygan edi.
Bu masala Kiyev uchun ayniqsa muhim hisoblanadi. Ukraina 2026-yilda tashqi moliyalashtirishga juda qattiq muhtoj bo‘lib turibdi, Vengriyaning pozitsiyasi esa budjet bosimini yanada kuchaytirgan.