Prezident hokimlar va rektorlarga sport bo‘yicha yangi vazifalar yukladi

Yig‘ilishda sport maktablari faoliyatini natijaga bog‘lash, yutuqli muassasalarni qo‘shimcha rag‘batlantirish va oliygohlarda sport ishlarini kuchaytirish topshirildi.
Sputnik
TOShKENT, 7 apr — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida jismoniy tarbiya va sport sohasidagi kelgusi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
So‘nggi to‘qqiz yilda 1,5 mingdan ziyod mahallada 1 ming 774 ta zamonaviy sport maydonchasi qurilgani, joylarda 200 tadan ziyod yirik sport inshootlari, 4 mingga yaqin xususiy sport klublari ish boshlagani ta’kidlandi. Sport bilan professional tarzda shug‘ullanadigan yoshlar soni 2 karra oshdi, olimpiya terma jamoalar sportchilari 2 barobar, paralimpiya bo‘yicha 3 barobar ko‘paydi.
Birgina o‘tgan yilning o‘zida sportchilar xalqaro arenalarda 452 ta oltin, 418 ta kumush va 501 ta bronza medali sohibi bo‘ldi, ularning 50 nafardan ziyodi jahon va Osiyo rekordlarini yangiladi.
Shu bilan birga, yig‘ilishda aholini ommaviy sportga jalb qilish ishlari sustligi, ayrim hokimlarning bu sohaga yetarlicha e’tibor bermayotgani tanqid qilindi. Hokimlar oldiga har bir maktabda sport to‘garaklari uchun sharoit yaratish va qamrovni kengaytirish vazifasi qo‘yildi.
Endi sport maktabi direktorlari, murabbiylar va jamoalar ish uslubini o‘zgartirib, har bir yo‘nalish bo‘yicha o‘sish nuqtalarini aniq belgilashi kerakligi aytildi. Ular faoliyatini o‘quvchilar natijasi bilan bog‘lash, yutuqqa erishgan sport maktablarini esa amaldagi rag‘batlantirishdan tashqari qo‘shimcha yana 500 million so‘mdan mukofotlash topshirildi.
Oliy ta’lim muassasalarida sportni tashkil etish bo‘yicha ham aniq vazifalar belgilab berildi. Misol sifatida Termiz davlat universiteti tajribasi keltirildi: bu yerda 4 ta klub orqali 5 ming talaba 18 ta sport turiga jalb qilingan, talabalar o‘tgan yili xalqaro musobaqalarda 18 ta medalni qo‘lga kiritgan.
Shu munosabat bilan 207 ta oliygoh rektorlariga mazkur tajribani o‘rganish va sport bo‘yicha bir yillik aniq reja ishlab chiqish topshirildi.
Federatsiyalar hamkor va mablag‘ jalb qilish, tadbirkorlar bilan o‘zaro manfaatli ishlash bo‘yicha amaliy takliflar deyarli yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi. Shu sabab 26 ta federatsiyadagi bosh kotiblar va boshqaruv kadrlari faoliyatini o‘rganib, lavozimiga mos kelmaydiganlarini almashtirish vazifasi qo‘yildi.
Endilikda har bir ixtisoslashgan tibbiyot markazi sport federatsiyalari bilan hamkorlik qilib, terma jamoa a’zolarining sog‘lig‘ini muntazam diagnostika qiladi, jarohat xavfini baholaydi va murabbiylarga tibbiy tavsiyalar beradi.
Yangi o‘quv yilidan Toshkent tibbiyot universitetida sport diyetologi, fiziologiya va psixologiya, Farmatsevtika institutida esa sog‘lom ovqatlanish bo‘yicha mutaxassis tayyorlashni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Shuningdek, mutasaddilarga sport mahsulotlarini mahalliylashtirish dasturini ham qamrab olgan qaror loyihasini kiritish topshirildi.
Xokkey va voleybolni rivojlantirish: Mirziyoyev OCA Bosh assambleyasida ishtirok etdi