TOShKENT, 7 apr — Sputnik. Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari pora bilan qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) matbuot xizmati xabar berdi.
Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari Bobur shahri hududidagi davlat zaxirasida bo‘lgan 20 sotix yer maydonini vakolatli mansabdor tanishlari orqali auksionga qo‘ydirib, so‘ngra fuqaroga yutib berib, uning nomiga rasmiylashtirib berish hamda kelgusida bu joyda qurilish ishlari amalga oshirishi uchun ruxsatnoma olib berish evaziga 50 ming dollar talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari so‘ralgan pul mablag‘ini o‘zining yashash xonadonida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Bundan tashqari, Namangan tumanida va Farg‘ona viloyatida pora olish bilan bog‘liq holatlar qayd etilgan.
Xususan, Namangan viloyatida tuman qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limi bosh arxitektori "avtomoyka" uchun loyiha hujjatlarini rasmiylashtirib berish va taqiqni bekor qildirish evaziga 1,5 ming dollar talab qilgan. U avval 500 dollar olgan, qolgan 1000 dollarni xizmat xonasida olayotganda ushlangan.
Farg‘ona viloyatining Qo‘shtepa tumanidagi Qambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari esa mahalliy fuqaroni tanishlari orqali oliy ta’lim muassasasining sirtqi yo‘nalishiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilib, 2 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.
Hozirda uchala holat yuzasidan tegishli moddalar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.