Mehnat bozoriga mos: oliy ta’limga oid yangi nizom tasdiqlandi

Hujjat oliy ta’limni tashkil etish, boshqaruv, moliya, talabalar huquqlari va OTM mustaqilligiga doir qoidalarni bir joyga jamladi.
Sputnik
TOShKENT, 6 apr — Sputnik. O‘zbekistonda oliy ta’limga oid yangi nizom tasdiqlandi. Hujjat OTMlar faoliyati, talabalar huquqlari va ta’lim jarayonini yagona tartibda belgilaydi.
Hujjat oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim muassasalariga tatbiq etilmaydi. U xorijiy OTM filiallariga qo‘llanadi, nodavlat oliy ta’lim muassasalari uchun esa tavsiyaviy xususiyatga ega.
Nizomga ko‘ra, oliy ta’lim bakalavriat va magistratura bosqichlari orqali amalga oshiriladi. Bakalavriatda o‘qish kamida 3-yil, magistraturada esa kamida 1-yil davom etadi.
Sirtqi ta’lim shaklida o‘qish muddati kunduzgi ta’limga nisbatan kamida bir o‘quv yiliga, kechki ta’limda esa kamida yarim o‘quv yiliga uzoq bo‘lishi kerak. Oliy ta’lim kunduzgi, masofaviy, dual, inklyuziv va boshqa shakllarda tashkil etiladi.
Hujjatda bitiruvchilarning mehnat bozori talablariga mos bo‘lishini ta’minlash uchun o‘quv dasturlari va malaka talablari ish beruvchilar bilan hamkorlikda ishlab chiqilishi belgilangan. Ta’lim jarayoni milliy kredit-modul tizimi asosida tashkil etilib, Yevropa kredit transfer tizimiga moslashtiriladi.
Talabalarga ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha taklif kiritish, ta’lim jarayoniga oid muhokamalarda ishtirok etish, xalqaro almashinuv va qo‘shma ta’lim dasturlarida qatnashish, rahbariyat qarorlari ustidan shikoyat qilish hamda mehnat shartnomasi asosida ishlash huquqi beriladi.
Kunduzgi ta’limda o‘qiyotgan talabalarga stipendiya to‘lanishi ham nazarda tutilgan.
Shu bilan birga, talabalarni ta’lim olish bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb etish taqiqlanadi. Ular ichki tartib-qoidalar va odob-axloq meyorlariga rioya qilishi shart.
Nizomda oliy ta’lim tashkilotlariga akademik, tashkiliy va moliyaviy mustaqillik berish ham nazarda tutilgan.
O‘nta OTMga milliy tadqiqot universiteti maqomi beriladi