Mirziyoyev: O‘zbekistonda 3 trln dollarlik kon va istiqbolli maydonlar aniqlangan

Prezident geologlar kuni munosabati bilan sohadagi yutuqlarni ochiqladi: 2,5 mingdan ortiq kon, 30,7 mlrd dollarlik loyihalar va yangi zaxiralar qayd etildi.
Sputnik
TOShKENT, 5 apr — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev geologlar kuni munosabati bilan yo‘llagan tabrigida O‘zbekistonning mineral xomashyo salohiyati va sohadagi so‘nggi natijalarni ma’lum qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda mamlakatda umumiy bahosi taxminan 3 trillion dollarga teng 2 ming 500 dan ortiq kon va 3 mingdan ziyod istiqbolli maydonlar aniqlangan.
So‘nggi yillarda sohaga xalqaro standartlar joriy qilinib, investitsiyaviy jozibadorlik oshirildi. Hozirda xorijiy investorlar bilan hamkorlikda umumiy qiymati 30 milliard 700 million dollarlik 90 ta loyiha amalga oshirilmoqda.
Bugunga qadar 1 ming 458 ta qazilma obyekti onlayn auksion orqali sotilib, budjetga 1 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ tushdi va 100 mingga yaqin ish o‘rinlari yaratildi.
So‘nggi o‘n yilda davlat budjetidan 8,2 trillion so‘m ajratilib, 2 mingga yaqin texnika va texnologiyalar joriy etildi, geologiya-qidiruv uskunalari 70 foizga yangilandi.
2016–2025 yillarda 1 ming 900 dan ziyod yangi konlar ochildi. Uran zaxiralari esa 97 ming tonnadan 140 ming tonnagacha oshdi.
Shuningdek, Olmaliqda yiliga 60 million tonna rudani qayta ishlash quvvatiga ega yangi mis fabrikasi ishga tushirildi. Loyiha doirasida 6 mingdan ortiq ish o‘rni yaratildi, yillik tushum 5 milliard dollarni tashkil etishi kutilmoqda.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga ko‘ra, oltin ishlab chiqarishni 1,5 barobar, kumushni 3 karra, misni 3,5 marta, shuningdek, uran, temir va ko‘mir ishlab chiqarishni 3 hissaga oshirish rejalashtirilgan.
Shavkat Mirziyoyev bir guruh geologiya xodimlarini mukofotladi