TOShKENT, 5 apr — Sputnik. Toshkent shahar hokimiyatida poytaxtda yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha investitsiya loyihasi taqdimotiga bag‘ishlangan matbuot anjumani va jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi.
Unda Toshkent shahar hokimligi, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, mahalliy aholi vakillari va OAV vakillari ishtirok etdi.
Taqdimotda, loyihaga ko‘ra, poytaxtda tirbandlik muammosining hal etilishi atmosferaga chiqariladigan zararli tashlamalarni kamaytirishiga e’tibor qaratilganligi ta’kidlandi. Chunki tirbandlikda turgan transport vositasi havoga ko‘proq zararli tashlama chiqaradi.
Shuningdek, loyiha davomida daraxtlarni ko‘chirib o‘tqazish zarurati yuzaga kelganida bu jarayon ekologik standartlarga amal qilgan holda amalga oshirilishi qayd etildi.
Ma’lumot uchun, loyiha doirasida Toshkentda haqiqiy tezurar avtobuslar (BRT) tarmog‘i ishga tushadi. Bunda avtobuslar boshqa transportlardan butunlay ajratilgan yo‘lda harakatlanadi va hech qanday tirbandlik yuzaga kelmaydi.
Bundan tashqari:
Toshkentda zamonaviy drenaj tizimini o‘rnatish, yo‘l cheti to‘siqlarini yangilash, zamonaviy bekat majmualarini o‘rnatish;
yerosti va yerusti yo‘l o‘tkazgichlarini qurish;
yo‘l harakati ishtirokchilarining xavfsizligi va qulayligini oshirishga qaratilgan boshqa elementlarni joriy etish ko‘zda tutilgan.