TOShKENT, 2 apr — Sputnik. Davlat organlarining axborot xizmatlari OAV va ijtimoiy tarmoqlarda murojaatlarni ko‘rib chiqish yuzasidan bildirilgan e’tirozlarni doimiy o‘rganib boradi. Endi bu holat ular faoliyati samaradorligini baholashda ham inobatga olinadi.
Bu norma prezident imzolagan “Aholi bilan muloqot tizimini samarali tashkil qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonda belgilandi.
Farmonga ko‘ra, axborot xizmatlari bu ishni Xalq qabulxonalari bilan hamkorlikda olib boradi. Ular hududlarda murojaatlar bilan ishlash holatini yoritib boradi.
1 maydan boshlab Prezident virtual qabulxonasi axborot tizimida murojaatlar ijrosi real vaqt rejimida nazorat qilinadi. Belgilangan muddatdan o‘tib ketgan murojaatlar esa avtomatik tarzda yuqori turuvchi davlat organiga yuboriladi.
Shuningdek, Virtual qabulxonaga kelgan murojaatlar “shoshilinch”, “odatiy” va “maslahat talab qiluvchi” toifalarga ajratiladi. Nazoratga qaytarilgan murojaatlar yuqori turuvchi organlar tomonidan 3 ish kuni ichida qayta o‘rganib chiqiladi.
Yana bir yangilik shundaki, aholi murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining hisobotlari Qonunchilik palatasi va Senatda, hokimlar hamda hududiy idoralar rahbarlarining hisobotlari esa Senat yoki mahalliy kengashlarda har chorakda kamida bir marta eshitib boriladi.