TOShKENT, 1 apr — Sputnik. Soliq qarzi va muammoli kreditlarni undirish tartibi yanada soddalashtiriladi. Bu prezidentning sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini raqamlashtirish hamda samaradorligini oshirishga qaratilgan farmonida nazarda tutilgan.
Farmonga ko‘ra, endi soliq qarzi va kredit qarzdorligi bo‘yicha mol-mulkni sotish, xatlash va savdoga chiqarish jarayonlarida yangicha yondashuv joriy etiladi.
Jumladan, ijro hujjatlari bo‘yicha mol-mulkni undiruvchi tomon rasmiylashtirgan protsessual hujjatlar asosida davlat ijrochisi qarori bilan elektron onlayn-auksion orqali sotish imkoni yaratiladi.
Shuningdek, yuridik shaxslar mol-mulkini xatlash va ko‘zdan kechirish bilan bog‘liq ayrim jarayonlar:
soliq qarzlari bo‘yicha soliq organi mansabdor shaxsi;
garov bilan ta’minlangan majburiyatlar bo‘yicha esa tijorat bankining vakolatli shaxsi tomonidan amalga oshiriladi.
Savdolarni tashkil etishga oid hujjatlar elektron platformalar orqali yuboriladi. Xatlash va ko‘zdan kechirish dalolatnomalari asosida sotilgan yoki sotuvga taklif etilgan mol-mulkni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xatarlar esa rasmiylashtiruvchi idoralar zimmasida qoladi.
Bundan tashqari, 2027-yil 1-yanvardan davlat ijrochilari qabul qiladigan qarorlarning kamida 70 foizi sun’iy intellekt va axborot tizimlari orqali avtomatlashtiriladi, ijro jarayonlari to‘liq elektron shaklga o‘tkaziladi.
2026 yil 1-iyuldan esa sud va boshqa organlar hujjatlariga asosan davlat daromadiga o‘tkaziladigan avtomototransport hamda ko‘chmas mulklar davlat ijrochisi qarori bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tasarrufiga o‘tkaziladi.