Poyezd kechiksa, kompensatsiya olish mumkin: yangi qoida ishlab chiqilmoqda

Mahalliy yo‘nalishda poyezd tashuvchi aybi bilan 2 soatdan ortiq kechiksa, yo‘lovchiga chipta puli to‘liq, 1 soatdan 2 soatgacha kechiksa yarmi qaytarilishi mumkin.
Sputnik
TOShKENT, 1 apr — Sputnik. Tashuvchining aybi bilan mahalliy yo‘nalishdagi poyezdlar kechikkan hollarda yo‘lovchilarga pullik kompensatsiya to‘lash tartibi joriy etilishi mumkin. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qo‘mitaning ma’lum qilishicha, hozirgacha bunday holatlarda yo‘lovchilarga kompensatsiya to‘lash tartibi normativ hujjatlarda belgilanmagan. Shu bois qo‘mita Transport vazirligiga qoidalarga tegishli o‘zgartirish kiritish bo‘yicha so‘rov yuborgan.
Vazirlikka ko‘ra, hozir “O‘zbekiston temir yo‘l transportida yo‘lovchilar, bagaj va yuk bagaj tashish qoidalari”ning yangi tahriri ishlab chiqilmoqda. Unda mahalliy yo‘nalishlarda poyezd kechikkan taqdirda yo‘lovchilarga quyidagicha kompensatsiya to‘lash nazarda tutilgan:
— 15–30 daqiqa kechiksa — yo‘lkiraning 15 foizi;
— 31–60 daqiqa kechiksa — 25 foizi;
— 61–120 daqiqa kechiksa — 50 foizi;
— 121 daqiqadan ortiq kechiksa — 100 foizi.
Hozircha bunday tartib faqat “Afrosiyob” poyezdlari uchun amal qiladi. Yangi qoidalar qabul qilinsa, u boshqa mahalliy poyezdlarga ham tatbiq etiladi.
Raqobat qo‘mitasi: Uzbekistan Airways endi qaytish chiptasini bekor qilmaydi