TOShKENT, 1 apr — Sputnik. Endi yo‘l qoidasi buzilsa, jarima mashina egasiga emas, avtomobilni fuqarolik-huquqiy asosda boshqarish huquqini olgan shaxsga rasmiylashtirilishi mumkin. Bu bo‘yicha Hukumat qarori qabul qilindi.
Yangi tartibga ko‘ra, 1-apreldan jarimani transport egasiga emas, avtomobilni boshqarish huquqini olgan shaxsga rasmiylashtirish imkoniyati yaratiladi.
Buning uchun transport egasi YaIDXP — my.gov.uz yoki Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining mobil ilovasi orqali so‘rovnoma to‘ldiradi va avtomobilni boshqarish huquqi qaysi muddatga berilayotganini ko‘rsatadi.
Boshqarish huquqini olgan shaxs esa so‘rovnomani elektron raqamli imzo, Mobile-ID yoki Face-ID orqali tasdiqlab, kelgusida jarimalar unga rasmiylashtirilishiga rozilik beradi.
Ushbu xizmat uchun BHMning 10 foizi miqdorida yig‘im undiriladi.
Shuningdek, qarorga ko‘ra, avtomototransport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish haqidagi guvohnoma endi 5-yil muddatga rasmiylashtiriladi.