TOShKENT, 31 mar — Sputnik. O‘zbekistonda hududida maxsus huquqiy rejim amal qiladigan Toshkent xalqaro moliya markazi tashkil etiladi. Bu bo‘yicha tegishli prezident farmoni qabul qilindi.
Hujjatga ko‘ra, markaz hududida maxsus huquqiy rejim konstitutsiyaviy qonun bilan belgilanadi. Shuningdek, bu yerda Angliya va Uels umumiy huquqi hamda adolat tamoyillari to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llaniladi.
Markaz tarkibida Toshkent xalqaro tijorat sudi tashkil etiladi. U birinchi instansiya va apellyatsiya bosqichlaridan iborat bo‘ladi.
Markaz hududida moliyaviy, investitsiya va bank faoliyati, sug‘urta, raqamli (kripto) aktivlar, qimmatli qog‘ozlar, to‘lov tizimlari va xizmatlari, islomiy va yashil moliya, shuningdek moliyaviy texnologiyalar bilan bog‘liq xizmatlar hamda tranzaksiyalarni amalga oshirishga ruxsat beriladi.
Bundan tashqari, auditorlik, konsalting va yuridik xizmatlar ko‘rsatish ham mumkin bo‘ladi.
Markazning boshqaruv organlariga fuqarolik, korporativ, tijorat, moliya, bank, soliq, davlat xaridlari, mehnat huquqi hamda shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish sohalari bo‘yicha, markaz hududida qo‘llaniladigan normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish vakolati beriladi