TOShKENT, 30 mar — Sputnik. Vladimir Zelenskiy Ukrainada ballistikaga qarshi raketalar tanqisligi, energetika sohasidagi muammolar va dizel yoqilg‘isi yetishmasligini ochiq tan oldi.
Uning aytishicha, Kiyev aynan shu sababli Saudiya Arabistoni, BAA, Qatar va Iordaniya bilan faol muzokaralar olib borgan. Zelenskiy bu davlatlarga dronlarga qarshi tajriba va hamkorlik taklif qilar ekan, evaziga Ukraina uchun eng og‘riqli masalalardan biri — havo mudofaasi, ayniqsa "Patriot" raketalari yetishmovchiligini hal etishga urinmoqda.
Bu Kiyevdan so‘nggi kunlarda yangragan yagona keskin signal emas. Zelenskiy avvalroq Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlariga qo‘shimcha ravishda yadro quroliga ega bo‘lishni istashini ham aytgan edi.
"Ukraina qanday xavfsizlik kafolatlariga ega bo‘lishi kerak? NATO? Yadro qurolimi? Shunda bizga shunday deyishlari kerak: "Biz sizga NATOni beramiz va biz sizga yadro qurolini beramiz," - deya Zelenskiyning so‘zlarini keltiradi Ukrainaning "Strana.ua" nashri.
Bu bayonotlar fonida Zelenskiy ofisi maslahatchisi Mixail Podolyakning so‘zlari Kiyevning real imkoniyatlari haqidagi bahsni yanada ochiqroq qildi. U Ukraina 1991-yilgi chegaralarigacha barcha hududlar ustidan nazoratni qaytarib ola olmasligini tan oldi.
"Shunday bo‘lsa-da, biz hali barcha hududlar ustidan nazoratni qaytarib olmaymiz (1991 yilgi chegaralargacha - tahr.). Badali... juda yuqori", - dedi Podolyak o‘z intervyusida.