“Toza havo” loyihasi: davlat xizmatchilariga oyiga 2 kun xizmat mashinasi taqiqlanadi

Loyihada avtomobilsiz kun, qurilishda ko‘kalamzorlashtirish meyorlari, Toshkentda yangi sanoat zonalariga taqiq, shahar hududini zonalarga ajratish, eski avtomobillarni topshirganlarga imtiyoz va "yashil devorlar" barpo etish choralari ko‘zda tutilgan.
Sputnik
TOShKENT, 30 mar — Sputnik. O‘zbekistonda atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan “Toza havo” umummilliy loyihasi amalga oshiriladi. Bu bo‘yicha prezident farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 1-maydan har oyning 10 va 25 sanalarida “Avtomobilsiz kun” aksiyasi o‘tkaziladi. Ushbu kunlari davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan xizmat avtotransport vositalaridan foydalanish qat’iyan taqiqlanadi.
2026–2030 yillarda loyihaning asosiy maqsadlari sifatida atmosferaga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalar hajmini 10,5 foizga kamaytirish, I va II toifadagi korxonalarda avtomatik monitoring stansiyalari hamda chang-gaz tozalash uskunalarini o‘rnatish, shuningdek PM2,5 bo‘yicha milliy meyorlardan oshish kuzatiladigan kunlar sonini qisqartirish belgilandi.
Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha maxsus komissiya faoliyati 2027-yil 1-martgacha uzaytiriladi. Shu bilan birga, uning maqomi respublika darajasiga ko‘tariladi. 1-apreldan esa Toshkent shahrida yangi sanoat zonalarini tashkil etishga muddatsiz moratoriy joriy qilinadi.
1 iyundan qurilish obyektlarini monitoring stansiyalari va onlayn kameralar bilan jihozlash, ularni Ekologiya qo‘mitasining yagona geoaxborot bazasiga ulash, huquqbuzarlik qilgan tashkilotlar reytingini pasaytirish hamda loyiha hujjatlari uchun majburiy ekologik ekspertiza xulosasini taqdim etish tartibi joriy etiladi.
Shuningdek, yangi quriladigan, balandligi 12 metrdan yoki umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan bino va inshootlar uchun ajratilgan yer maydonining kamida 30 foizi ko‘kalamzorlashtirishga ajratilishi shart bo‘ladi.
1 avgustdan “trade-in” dasturi doirasida eski avtotransport vositalarini topshirgan jismoniy va yuridik shaxslarga yangi transport xaridi uchun avtokredit foizining bir qismi qoplab beriladi.
2026 yil oxiriga qadar “Ekologik transport” tizimi doirasida Toshkent shahri hududi “qizil”, “sariq” va “yashil” zonalarga ajratiladi.
1 apreldan esa chang bo‘ronlarining oldini olish maqsadida Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida “yashil devor”lar barpo etish boshlanadi.
Eko-stikerlarga izoh berildi: gibrid va 3-yildan oshmagan avtomobillar toza toifaga kiradi