TOShKENT, 30 mar — Sputnik. AQSh va uning ittifoqchilarini boshqa davlatlarga bosim o‘tkazish orqali global hukmronlikni saqlab qolishga urinishi fonida Yevroosiyo makonida yangi xavfsizlik va hamkorlik mexanizmlarini shakllantirish zarurati paydo bo‘ldi.
Bu haqda Termizda bo‘lib o‘tayotgan Rossiya–O‘zbekiston konferensiyasida Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Galuzin o‘z nutqida ta’kidladi, deb xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskvaning baholashicha, dunyoda ko‘p qutbli dunyo tartibini shakllantirishning murakkab va og‘riqli jarayoni davom etmoqda.
Galuzin xalqaro maydonda barqaror iqtisodiy bazaga ega yangi yirik o‘yinchilar paydo bo‘lmoqda va Global Janub mamlakatlari xalqaro munosabatlarning yanada adolatli va inklyuziv tizimini tobora faolroq talab qilinayotganini qayd etdi.
Diplomat Rossiya xalqaro hayotni demokratlashtirish, barcha davlatlar manfaatlarini hurmat qilish va ularning rivojlanish yo‘lini mustaqil belgilash huquqi tarafdori ekanligini ta’kidladi. Shuningdek, u suveren tenglik tamoyili, Rossiya tomonining fikriga ko‘ra, katta va kichik mamlakatlarga nisbatan bir xil qo‘llanilishi kerakligini aytdi.
Shu bilan birga, diplomat G‘arb siyosatini tanqid qilib, Vashington va uning ittifoqchilari bu maqsadda turli bosim vositalaridan foydalanayotganini aytdi. U bunday choralar qatorida savdo to‘siqlarini kengaytirish, bir tomonlama cheklovlar joriy etish, xalqaro majburiyatlarni e’tiborsiz qoldirish, shuningdek, kuch ishlatish va suveren davlatlarning ichki ishlariga aralashishni sanab o‘tdi.
Galuzin Eron atrofidagi vaziyatga alohida to‘xtalib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh va Isroilning Eronga hujumi xalqaro siyosatda kuch ishlatish yondashuvining yana bir ko‘rinishi va kuchlilar huquqi nuqtayi nazaridan harakat qilishga urinish bo‘ldi.
Shuningdek, u xalqaro munosabatlardagi transformatsiya jarayonlari, ayniqsa, ko‘p qutbli dunyoning moddiy poydevori bo‘lgan Katta Yevroosiyoda yaqqol ko‘zga tashlanayotganini ta’kidladi.
Shu fonda, uning fikricha, mintaqa davlatlari mintaqaviy bo‘lmagan o‘yinchilarning bosimisiz o‘zlarining hamkorlik va xavfsizlik mexanizmlarini qurishlari kerak.