TOShKENT, 30 mar — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyevga birinchi chorakda iqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozini ta’minlash va jahon bozoridagi vaziyatning iqtisodiyotga salbiy ta’sirini yumshatish choralari yuzasidan axborot berildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning dastlabki ikki oyida sanoat 7,7 foizga, xizmatlar sohasi 15,4 foizga o‘sgan, 3,5 milliard dollarlik eksport amalga oshirilgan va 8,3 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilingan.
Yil boshidan 9 ta viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun respublika budjetidan qo‘shimcha 2,3 trillion so‘m va 500 million dollar yo‘naltirilgan.
Shu bilan birga, qisqa vaqt ichida dunyodagi vaziyat keskin o‘zgarib, iqtisodiyot tarmoqlari barqarorligi, tashqi savdo yo‘laklari va import narxlariga qo‘shimcha bosim yuzaga keltirayotgani ta’kidlandi.
Shu sharoitda har bir tarmoq va hudud rahbari vaziyatni oldindan baholab, turli ssenariylar asosida proaktiv ish olib borishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Inflyatsiyani joriy yilda 6–6,5 foiz doirasida ushlab turish eng muhim vazifalardan biri ekaniga e’tibor qaratildi. Xususan, neft narxining oshishi transport va neft-kimyo mahsulotlari tannarxiga ta’sir ko‘rsatayotgani, polietilen va polipropilen narxlari ham o‘sib borayotgani qayd etildi.
Shuningdek, tadbirkorlarning xomashyo, bozor va kredit bilan bog‘liq muammolarini hozirdan hal etish muhimligi ta’kidlandi. Eksport yuk tashishlaridagi uzilishlar va qimmatlashuv ham jiddiy xavotir uyg‘otayotgani aytildi.
Shu munosabat bilan qo‘shni davlatlar bilan transport va savdo bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish, oziq-ovqat mahsulotlarini aviatashuv orqali eksport qilish, tadbirkorlar uchun arzonlashtirilgan tariflarni joriy etish vazifasi qo‘yildi.
Bundan tashqari, har bir loyihani muntazam tahlil qilib borish, biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilayotgan kreditlar dinamikasini doimiy nazorat qilish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yig‘ilishda hozirgi murakkab sharoitda xavf-xatarlarni oldindan ko‘ra bilish, ularni yumshatish bo‘yicha aniq rejalar asosida ishlash va tarmoqlardagi muammolarga tezkor yechim topish muhimligi ta’kidlandi.