O‘zbekiston va Xitoy strategik sherikligini yanada rivojlantirish muhokama qilindi

Tomonlar yangi qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish, texnologik sheriklikni kengaytirish va may oyida Sian shahrida o‘tadigan forumga tayyorgarlikni muhokama qildi.
Sputnik
TOShKENT, 29 mar — Sputnik. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida Xitoyning Shansi muzofoti tijorat departamenti rahbari Van Xunszin boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda xorijiy delegatsiya vakillari qayta tiklanuvchi energiya manbalari, suv tejovchi texnologiyalar, sanoat, transport va qishloq xo‘jaligi sohalarida texnologik sheriklikni kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Tomonlar yangi qo‘shma loyihalarni birgalikda ishlab chiqish, shuningdek, joriy yilning 20–22 may kunlari Shansi provinsiyasining Sian shahrida bo‘lib o‘tadigan III O‘zbekiston–Xitoy hududlararo forumida nufuzli tadbirkorlar delegatsiyalari ishtirokini ta’minlash masalasida kelishuvga erishdi.
Qayd etilishicha, mazkur forum hududlararo aloqalarni mustahkamlash va yangi qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi.
Muzokaralar yakunida ikki tomon mas’ul xodimlaridan iborat qo‘shma ishchi guruh tuzdi.
O‘zbekiston-Xitoy biznes forumi: $21 mlrd investitsiya va Yangi Toshkentda Sian shaharchasi