TOShKENT, 29 mar — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi, Vazirlar Mahkamasi Raisi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Suhbatda Yaqin Sharqdagi keskin vaziyat va qarama-qarshiliklar kuchayib borayotgani jiddiy xavotir uyg‘otayotgani qayd etildi. Tomonlar eskalatsiyaning oldini olish va vaziyatni barqarorlashtirish muhimligini ta’kidladilar.
Davlat rahbari bunday sinovli kunlarda O‘zbekiston Saudiya Arabistoni rahbariyati va xalqi bilan birdam ekanini bildirib, Podshohlikning vazmin va oqilona siyosatini qo‘llab-quvvatlashini qayd etdi.
Shuningdek, prezident hozir Saudiya Arabistonida Umra amallarini bajarayotgan O‘zbekiston fuqarolariga ko‘rsatilayotgan yordam uchun Podshoh Salmon bin Abdulaziz Ol Saud va Valiahd shahzodaga minnatdorlik bildirdi.
Muhammad bin Salmon O‘zbekiston prezidentining samimiy qo‘llab-quvvatlovini yuksak baholadi. Tomonlar ikki va ko‘p tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish uchun oliy darajadagi muloqotlar va qo‘shma sa’y-harakatlarni faollashtirishga kelishib oldilar.