TOShKENT, 27 mar – Sputnik. Toshkent shahrida Tojikiston elchixonasining yangi binosi ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon ramziy tasmani kesib, diplomatik vakolatxonaning yangi binosini tantanali ravishda ochdilar.
Yetakchilar elchixona va konsullik bo‘limining ma’muriy binolari, elchi qarorgohi, diplomatlar va ularning oila a’zolari uchun turar-joylarni o‘z ichiga olgan majmuani ko‘zdan kechirdi.
Marosim yakunida Mirziyoyev va Rahmon Faxriy mehmonlar kitobida qayd yozib, diplomatik vakolatxona hududiga daraxt ekdi.
Qayd etilishicha, bu tadbir O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga bo‘lgan o‘zaro intilish qat’iy ekanini yana bir bor tasdiqladi.