TOShKENT, 27 mar – Sputnik. Yangi qonun bilan “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, quyidagi shaxsga doir ma’lumotlar O‘zbekiston hududida saqlanishi shart:
shaxslarning biometrik ma’lumotlari;
shaxslarning genetik ma’lumotlari;
O‘zbekiston hududida faoliyat olib borayotgan telekommunikatsiyalar operatorlaridagi ularning xizmatlaridan foydalanuvchi jismoniy shaxslarning ma’lumotlari.
Yuqorida ko‘rsatilmagan shaxsga doir ma’lumotlar quyidagi shartlardan biri bajarilganda, O‘zbekistondan tashqarida saqlanishi va ishlov berilishi mumkin:
chet davlatni shaxsga doir ma’lumotlarning bir xil himoya qilinishini ta’minlovchi davlat sifatida tan olish;
operator tomonidan vakolatli davlat organi tasdiqlaydigan talablarga javob beruvchi standart shartnomaviy shartlar yoki majburiy korporativ qoidalar qabul qilinishi va ularga rioya etilishi;
ro‘yxati vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadigan shaxsga doir ma’lumotlarni boshqarish va saqlash sohasidagi xalqaro standartlarga operator tomonidan rioya etilishi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.