Hokimlik: Amir Temur xiyobonini yangilashda aholi takliflari inobatga olinadi

Xiyobondagi ishlar hozircha hududni tartibga keltirish bilan cheklanadi, kelib tushgan takliflar xiyobon va unga tutash ko‘chalarni kelgusida modernizatsiya loyihalarini ishlab chiqishda inobatga olinadi.
Sputnik
TOShKENT, 26 mar – Sputnik. Amir Temur xiyoboni hududida ayni paytda olib borilayotgan ishlar faqat kosmetik tusga ega bo‘lib, bayram tadbirlariga tayyorgarlik doirasida amalga oshirilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Avvalroq hokimlik tomonidan e’lon qilingan rekonstruksiya rejasi jamoatchilik, shuningdek, arxitektura va urbanistika sohasi mutaxassislari e’tiborini tortgan edi.
Hokimlikka ko‘ra, xiyobonni piyodalar uchun qulayroq qilish, yerusti o‘tish yo‘laklarini barpo etish, yo‘lning qatnov qismini qisqartirish va yangi jamoat joylarini yaratishga doir takliflar sinchkovlik bilan o‘rganib chiqilgan.
Shu bilan birga, poytaxt hokimligi shaharsozlikning zamonaviy yondashuvlariga mos piyodalar infratuzilmasini rivojlantirish g‘oyalariga sodiq qolishini ta’kidladi. Qayd etilishicha, ilgari surilgan tashabbuslar Amir Temur xiyoboni va unga tutash ko‘chalarni kelgusida modernizatsiya qilish loyihalarini ishlab chiqishda inobatga olinadi.
Toshkentdagi "Navro‘z" dehqon bozori va "Bo‘z bozor" rekonstruksiya qilinadi