Eron rasmiylari: AQShning quruqlikdan bostirib kirishi Vashington uchun falokat bo‘ladi

Amerika matbuotida ehtimoliy yer usti operatsiya ssenariylarini muhokama qilinayotgan bir paytda Tehron bunday qadam urushni keskinlashtirishi va AQSh uchun og‘ir oqibatlarga olib kelishini aytdi.
Sputnik
TOShKENT, 26 mar – Sputnik. AQShning Eronga qarshi ehtimoliy quruqlikdagi operatsiyasi Vashington uchun katta yo‘qotishlarga olib keladi. Ushbu bayonotni Eron armiyasi quruqlikdagi qo‘shinlari qo‘mondoni Ali Jahonshohiy berdi.
Avvalroq "New York Times" Pentagonning ismi oshkor etilmagan vakillariga tayanib, AQSh harbiy rahbariyati Eron neft eksportining asosiy markazlaridan biri bo‘lgan Xarg orolini egallash uchun 82-havo-desant diviziyasi desantchilarini jalb qilish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqida xabar bergan edi.
“Quruqlikdagi urush dushman uchun katta xavf tug‘diradi va unga qimmatga tushadi”, — dedi Jahonshohiy.
Avvalroq Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi ham Vashingtonning bunday qadami AQShning o‘zi uchun falokatli oqibatlarga olib kelishini aytgan edi.

“Yo‘q, biz ularni kutapmiz... Chunki biz ularga qarshi tura olishimizga aminmiz va bu ular uchun katta falokatga aylanadi”, — dedi Araqchi NBC News telekanaliga bergan intervyusida.

U Tehron AQShning ehtimoliy quruqlikdagi operatsiyasidan xavfsirayaptimi, degan savolga shunday javob qaytargan.
Shuningdek Eron parlamenti raisi Muhammadboqir Qolibof ham, agar Eron hududiga bostirib kirishga urinish bo‘lsa, islom respublikasi mintaqa bo‘ylab muhim infratuzilmalarga zarba berishini aytgan.
Shu bilan birga, "Wall Street Journal"ning AQSh rasmiylariga tayanib yozishicha, prezident Donald Tramp Eronga qarshi quruqlikdagi operatsiyani boshlash to‘g‘risida buyruq berishga tayyor, ammo hozircha bunga shoshilmayapti. Nashrning ta’kidlashicha, Tramp mojaroni tezroq yakunlashni istaydi va amerikaliklar orasida qurbonlar ko‘payishidan xavotirda.
WSJ manbalariga ko‘ra, Tramp atrofidagilar Yaqin Sharq bo‘yicha uning keyingi qadamini oldindan aytish qiyinligini tan olmoqda. Nashrning yozishicha, mojaro chuqurlashib borar ekan, Oq uy diplomatiya yo‘li va zarbalarni yanada kuchaytirish o‘rtasida ikkilanib qolgan.
AQSh va Isroilning Eronga hujumi

28 fevral kuni AQSh va Isroil Eronga zarba berishni boshladi. Zarbalar Eronning yadroviy dasturi borasida muzokaralar olib borilayotgan vaqtda amalga oshirildi.

AQSh va Isroil zarbalari oqibatida Eron Oliy rahbari oyatulloh Ali Xomanaiy halok bo‘ldi. Undan tashqari, Minob shahrida qizlar boshlang‘ich maktabiga berilgan zarba oqibatida 171 nafar bola va 15 nafar o‘qituvchilar halok bo‘ldi.

Eron Isroil hududiga, shuningdek, Yaqin Sharqdagi AQSh harbiy bazalariga javob zarbalari berdi. Bir necha kun davomida BAA, Bahrayn, Ummon, Iroq, Saudiya Arabistoni, Qatar va boshqa qator davlatlardagi AQSh harbiy bazalari zarbaga uchradi.

Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopib qo‘ydi va kemalar faqat Eron bilan kelishilgan tartibda undan o‘tishi mumkinligini e’lon qildi. Buning ortidan jahon bozorlarida neft narxi oshishni boshladi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Eron oliy rahbariga suiqasd barcha insoniy axloq normalari va xalqaro huquqni buzish ekanini ta’kidladi. Rossiya va Xitoy 1-mart kuni BMT Xavfsizlik Kengashining favqulodda majlisini chaqirdi.

AQSh oxir-oqibat Eronga yon berishga majbur bo‘ladi — NATO generali