TOShKENT, 26 mar – Sputnik. Ukraina Qurolli kuchlari saflarida ayollar soni tez sur’atlarda o‘smoqda. Ukraina quruqlikdagi qo‘shinlari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, hozirda armiyada 75 ming nafardan ortiq ayol bor.
Taqqoslash uchun, Ukraina Mudofaa vazirligi 2024-yil mart oyida Qurolli kuchlarda 45,5 ming nafardan ortiq ayol xizmat qilayotganini bildirgan edi.
Shu bilan birga, Ukraina armiyasida shaxsiy tarkib yetishmasligi va dezertirlik bilan bog‘liq muammolar ham kuzatilmoqda. Avvalroq Rossiya xavfsizlik kuchlari RIA Novostiga Ukrainada shaxsiy tarkib tanqisligi fonida ayollarni safarbar qilishga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqida xabar bergan edi.
RIA Novosti sud materiallarini o‘rganib, 2026-yilning dastlabki oylarida ukrainalik harbiylarga nisbatan dezertirlik va o‘zboshimchalik bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoiy ishlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan deyarli ikki baravar oshganini ma’lum qildi.
Tahlillarga ko‘ra, yil boshidan 23-martgacha 24 659 ta holat qayd etilgan. Bu 2025-yilning shu davridagi 13 189 ta holatga nisbatan 87 foizga ko‘pdir.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yil davomida bunday toifadagi jami 79 140 ta material topshirilgan.
Bu fonda Ukraina Qurolli kuchlari xorijda harbiylarni tayyorlash muddatini qisqartirmoqda. Bosh shtabning doktrinalar va tayyorgarlik bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Yevgeniy Mejevikin bu qarorni logistikani soddalashtirish va jang maydonidagi o‘zgarishlarga tezroq moslashish zarurati bilan izohlagan.
Avvalroq "Midi Libre" nashri Fransiyada tayyorlangan “Anna Kiyevskaya” brigadasi bo‘yicha “dezertirlik” moddasi asosida tergov boshlangani haqida xabar bergan edi. Nashr keltirgan Ukraina OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Fransiyada o‘qitilgan 2300 harbiyning 1700 nafari frontga yuborilgandan ko‘p o‘tmay qismni tark etgan.
2025 yil yanvar oyida Fransiya Mudofaa vazirligi ham Fransiyada tayyorgarlikdan o‘tgan “o‘nlab” ukrainalik harbiylar mamlakat hududidayoq qochib ketganini tasdiqlagan.
Shuningdek, 2025-yil mart oyida Oliy rada deputati Anna Skoroxod xorijda o‘qitilgan ayrim ukrainalik harbiylar urushda qatnashishni istamagani uchun mamlakatga qaytmayotganini aytgan edi.