TOShKENT, 26 mar – Sputnik. Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon tor doirada muzokara o‘tkazdi hamda Oliy davlatlararo kengashning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, tashrif arafasida Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi, sanoat ko‘rgazmasi, hududlar, rektorlar, olimlar, yoshlar va tahlil markazlari forumlari tashkil etildi. Ayni kunlarda O‘zbekistonda Tojikiston madaniyati va kinosi kunlari ham o‘tkazilmoqda.
Yig‘ilishda O‘zbekiston–Tojikiston hamkorligini yanada jadallashtirishga qaratilgan qator muhim qarorlar qabul qilindi.
Asosiy e’tibor o‘zaro savdoni oshirish, sanoat kooperatsiyasini rag‘batlantirish, transport sohasida o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, shuningdek suv va energetika xavfsizligini kuchaytirishga qaratildi. O‘tgan yili tovar ayirboshlash hajmi 1 milliard dollarga yetgani, 2030-yilgacha esa bu ko‘rsatkichni 2 milliard dollarga chiqarish imkoniyatlari ko‘rib chiqilgani ta’kidlandi.
Lideri Uzbekistana i Tadjikistana proveli pervoe zasedanie Visshego mejgosudarstvennogo soveta
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Bu maqsadga erishish uchun “Oybek – Fotihobod” chegaraoldi savdo markazini barpo etishni jadallashtirish, mahsulotlarni sertifikatlash va “E-Permit” ruxsatnomalarini raqamli almashish tizimini joriy etish, chegara nazorat punktlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, tog‘-kon, qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, yengil sanoat va qurilish sohalarini qamrab olgan Sanoat kooperatsiyasi dasturini qabul qilish, Qo‘shma investitsiya kompaniyasi kapitalini kengaytirish hamda ikki mamlakat hududida yangi qo‘shma loyihalarni boshlash rejasi ko‘rib chiqildi.
Tomonlar madaniy-gumanitar aloqalar va xavfsizlik sohasidagi hamkorlik istiqbollarini ham muhokama qildi. Yirik diasporalar mavjudligini hisobga olib, madaniy va gumanitar aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha besh yillik chora-tadbirlar rejasini qabul qilish taklif etildi.
Yig‘ilish yakunlariga ko‘ra, erishilgan kelishuvlarni to‘liq amalga oshirish uchun keng qamrovli “yo‘l xaritasi” qabul qilinishi belgilandi.