TOShKENT, 26 mar – Sputnik. Toshkent shahrida duatlon bo‘yicha O‘zbekiston chempionati va "International Tashkent Marathon – 2026" tadbirlari o‘tkazilishi munosabati bilan ayrim ko‘chalarda avtotransport harakati vaqtincha cheklanadi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi xabar berdi.
Harakat quyidagi ko‘chalarda vaqtincha cheklanadi:
28 mart soat 08:00 dan 12:00 gacha:
— Yangi O‘zbekiston ko‘chasi — CAU universiteti oldida Parkent avtomagistraligacha.
3 aprel soat 16:00 dan 5-aprel 14:00 gacha:
— Afrosiyob ko‘chasi — I.Karimov ko‘chasi kesishmasidan Beshog‘och ko‘chasi kesishmasigacha.
5 aprel soat 02:00 dan 13:00 gacha:
— Beshog‘och ko‘chasi — Furqat ko‘chasi kesishmasidan I.Karimov ko‘chasi kesishmasigacha;
— Afrosiyob ko‘chasi — I.Karimov ko‘chasi kesishmasidan Sh.Rashidov ko‘chasi kesishmasigacha;
— Sh.Rashidov ko‘chasi — Afrosiyob ko‘chasi kesishmasidan I.Karimov ko‘chasi kesishmasigacha;
— Afrosiyob ko‘chasi — Sh.Rashidov ko‘chasi kesishmasidan Shahrisabz ko‘chasi kesishmasigacha;
— Shahrisabz ko‘chasi — Afrosiyob ko‘chasi kesishmasidan A.Temur shoh ko‘chasi kesishmasigacha;
— Oybek ko‘chasi — Shahrisabz ko‘chasi kesishmasidan Nukus ko‘chasi kesishmasigacha;
— Nukus ko‘chasi — Oybek ko‘chasi kesishmasidan Istiqbol ko‘chasi kesishmasigacha;
— Abdulla Qodiriy ko‘chasi — Istiqbol ko‘chasi kesishmasidan Abay ko‘chasi kesishmasigacha.
Shahar hokimligi haydovchilardan mazkur vaqtinchalik cheklovlarni inobatga olib, o‘z harakat yo‘nalishlarini oldindan rejalashtirishni so‘radi.
Ma’lumot uchun: duatlon — bu ikki turdan iborat musobaqa bo‘lib, u yugurish — velosiped — yugurish bosqichlarida o‘tadi. O‘zbekiston chempionati mamlakat Triatlon federatsiyasining yillik musobaqalar mavsumini rasman ochib beradi. Bahslar 28-mart kuni Yangi O‘zbekiston bog‘ida o‘tkaziladi. Age Group toifasida masofa 5 km yugurish, 20 km velopoyga va 3 km yugurishdan iborat.
"VIII International Tashkent Marathon" – 5-aprel kuni Toshkentda o‘tkaziladi. Tashkilotchilar ma’lumotiga ko‘ra, unda 30 tadan ortiq mamlakatdan 15 mingdan ziyod ishtirokchi qatnashishi kutilmoqda. Marafon "World Athletics Label" maqomiga ega bo‘lib, dasturdan 42,195 km marafon, 21,097 km yarim marafon, 10 km va 5 km masofalar o‘rin olgan.