TOShKENT, 25 mar – Sputnik. Toshkent viloyati kengashi Nurafshon shahridan Toshkent shahrining Bektemir tumanigacha tezurar avtobus qatnovlari uchun BRT (Bus Rapid Transit) tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha loyiha konsepsiyasini ma’qulladi.
Hujjatga ko‘ra, loyiha Toshkent — Nurafshon avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilish va ushbu yo‘nalishda zamonaviy jamoat transporti tizimini tashkil etishni nazarda tutadi. Yo‘nalish Toshkent shahridagi Qo‘yliq bozori hududidan boshlanib, O‘rtachirchiq va Yuqorichirchiq tumanlari orqali o‘tib, Nurafshon shahri markazida yakunlanadi.
Loyiha doirasida umumiy uzunligi 23 kilometr bo‘lgan yo‘lni modernizatsiya qilish, shundan 19,2 kilometrini rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan.
Mavjud 4 tasmali yo‘l xalqaro talablarga javob beradigan I toifali shahar magistrali darajasiga olib chiqiladi. Shuningdek, BRT, intellektual transport tizimi va xavfsiz mobillik tamoyillariga asoslangan innovatsion transport yo‘lagi yaratish ko‘zda tutilgan.
Qayd etilishicha, loyiha amalga oshirilsa, Toshkent va Nurafshon o‘rtasidagi qatnov vaqti ikki barobarga qisqaradi, 150 mingdan ortiq aholining kundalik harakatlanishi qulay va xavfsizroq bo‘ladi. Shu bilan birga, hududning iqtisodiy salohiyatini oshirishga ham xizmat qilishi kutilmoqda.
Hujjatda Nurafshon shahri so‘nggi yillarda jadal rivojlanayotgani, ammo uni poytaxt bilan bog‘lovchi mavjud transport infratuzilmasi ortib borayotgan yuklamaga to‘liq javob bermayotgani ta’kidlangan.