Soliq huquqbuzarliklari haqida xabar berganlarga 4,3 mlrd so‘m mukofot to‘landi

Eng ko‘p shikoyatlar xarid cheki bermaslik holatlariga to‘g‘ri keldi, tekshiruvlar esa murojaatlarning deyarli barchasida qoidabuzarlikni tasdiqladi.
Sputnik
TOShKENT, 24 mar – Sputnik. O‘zbekistonda 2026-yilning yanvar-fevral oylarida soliq huquqbuzarliklari haqida xabar bergan fuqarolarga 6 701 ta holat bo‘yicha jami 4,3 mlrd so‘m mukofot to‘landi. Bu undirilgan jarima summasining 20 foizini tashkil etdi.
Shu davrda “Soliq” mobil ilovasining “Soliq hamkor” tizimi orqali soliq huquqbuzarliklari bo‘yicha jami 21 964 ta murojaat kelib tushgan.
Jumladan:
18 826 ta holat xarid cheki berilmagani;
620 ta holat to‘lovning plastik karta orqali qabul qilinmagani;
35 ta holat plastik karta orqali to‘lovda xarid summasi oshirib ko‘rsatilgani;
2 483 ta holat boshqa turdagi huquqbuzarliklarga to‘g‘ri kelgan.
Shu bilan birga, 4 890 ta murojaat takroriy bo‘lgani yoki shikoyat kelib tushgan tadbirkorlik subyektida tekshiruv davom etayotgani sababli ko‘rib chiqilmagan.
Murojaatlar asosida 12 216 ta sayyor soliq tekshiruvi o‘tkazilgan bo‘lib, ularning 99,2 foizida huquqbuzarlik holatlari tasdiqlangan.
Soliq tizimida yashirin iqtisodiyot, korrupsiya va ortiqcha to‘lovlar ochiqlandi