Sertifikati bor o‘rta maxsus ta’lim o‘quvchilari ayrim fanlardan imtihon topshirmaydi

Yangi tartibga ko‘ra, o‘quvchi qaysi fan bo‘yicha milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lsa, o‘sha fandan imtihon topshirmaydi va unga eng yuqori baho qo‘yiladi.
Sputnik
TOShKENT, 24 mar – Sputnik. Akademik litsey va boshqa o‘rta maxsus ta’lim tashkilotlari o‘quvchilari uchun yakuniy davlat attestatsiyasi tartibiga qo‘shimcha yengillik va kafolatlar kiritildi. Bu tegishli nizomga kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlarda nazarda tutilgan.
Unga ko‘ra, xorijiy tillar va umumta’lim fanlari bo‘yicha milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikatga ega bo‘lgan o‘quvchilar mazkur fanlardan davlat imtihonlarini topshirmaydi. Ularga ushbu fanlar bo‘yicha maksimal ball qo‘yiladi.
Shu bilan birga, yakuniy attestatsiya sinovlarini 3-yil davomida topshira olmagan o‘quvchilarga davlat namunasidagi shahodatnomani olish uchun eksternat tartibida yakuniy attestatsiyadan o‘tish huquqi beriladi.
Yana bir yangilikka ko‘ra, yakuniy attestatsiya sinovlaridagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish uchun apellyatsiya komissiyasi tuziladi. O‘quvchilar davlat imtihoni baholari e’lon qilingan kundan boshlab 3 ish kuni ichida apellyatsiya shikoyati berish huquqiga ega bo‘ladi.
Bunda apellyatsiya shikoyatini ko‘rib chiqish jarayonida o‘quvchining davlat imtihonida olgan ballini pasaytirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Milliy tarbiya modeli: ta’limga oid yig‘ilishdan asosiy ma’lumotlar