Issiqxonalarni ko‘chirish, yashil belbog‘ va devorlar: ekologik loyihalar ma’qullandi

Toshkent atrofida yangi issiqxonalarni cheklash, havo ifloslanishini kamaytirish va yashil hududlarni kengaytirish bo‘yicha yirik rejalar taqdim etildi.
Sputnik
TOShKENT, 24 mar – Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida 2026-2030 yillarga mo‘ljallangan umummilliy loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.
Taqdimotda “Toza havo” loyihasi doirasida muqobil energiyadan foydalanuvchi korxonalarga soliq imtiyozlari va moliyaviy rag‘batlar berish, avtomatik monitoring stansiyalari, filtrlar va energiya samarador uskunalarni keng joriy etish ko‘zda tutilganligi ma’lum qilindi.
Toshkent shahri va unga tutash hududlardagi sanoat korxonalarida majburiy avtomatik monitoring postlari o‘rnatilib, ma’lumotlar yagona geoaxborot tizimiga integratsiya qilinadi. Talablarga amal qilmagan subyektlar uchun kompensatsiya to‘lovlari keskin oshiriladi.
Qurilish sohasida yirik obyektlarni loyihalashtirishda ko‘kalamzorlashtirish darajasini oshirish, qurilish materiallarini yopiq sharoitda saqlash, chiqindilarni maxsus quvur va konteynerlar orqali tushirish, maydonlarni himoya to‘siqlari bilan o‘rash va onlayn kuzatuv kameralarini o‘rnatish kabi talablar belgilanmoqda.
Shuningdek, “shamol yo‘laklari”ni saqlash, ekologik ekspertiza xulosasini majburiy hisobga olish, shaharning ekologik va suv resurslarini boshqarish bo‘yicha master-reja ishlab chiqish, Toshkent atrofida “yashil belbog‘”, Surxondaryo va Sirdaryoda “yashil devor”lar barpo etish, sun’iy ko‘llar va suv havzalarini tashkil qilish, favvoralar sonini ko‘paytirish va barglarni qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish taklif etildi.
Shu bilan birga, motor yoqilg‘isi standartlarini kuchaytirish, avtotransportni ekologik toifalarga ajratish, texnik ko‘rikni ekologik talablar bilan bog‘lash, eski avtomashinalarni yangilash va jamoat transporti ulushini oshirish nazarda tutilmoqda.
Toshkent shahri va unga tutash hududlardagi issiqxonalarni bosqichma-bosqich qulay hududlarga ko‘chirish taklif qilindi.
1 oktabrdan boshlab Toshkent shahri va unga tutash hududlarda yangi issiqxona tashkil etish cheklanadi.
Loyiha doirasida yana 12 ta botanika va 16 ta dendrologiya bog‘ini tashkil etish, 2028-yilga qadar barcha viloyatlar, Qoraqalpog‘iston va Toshkentda maydoni 100 gektardan kam bo‘lmagan bog‘lar barpo etish rejalashtirilgan.
Natijada 2030-yilgacha umumiy yashillik darajasini 14,2 foizdan 30 foizgacha oshirish, PM2,5 va PM10 konsentratsiyasini 20-25 foizga kamaytirish, iqlimi og‘ir hududlarda havo haroratini o‘rtacha 1,5-2 darajaga pasaytirish maqsad qilingan.
Poytaxtda 108 gektar maydonda Milliy dendrologiya bog‘i tashkil etiladi. U yerda 50 ming tup daraxt ko‘chati va 100 ming tup buta ekiladi. Bog‘da “Dunyo daraxtlari” hududi, 6 iqlim mintaqasiga xos o‘simliklar kolleksiyasi, dorivor o‘simliklar bog‘i, 1 gektarlik sun’iy ko‘l va sakura bog‘i barpo etiladi. Bu yer “Green University” uchun tabiiy laboratoriya, aholi uchun bioturizm va ekota’lim markaziga aylanadi.
“Ekomadaniyat” loyihasi doirasida 2026/2027 o‘quv yilidan 14 ta hududda “yashil texnikumlar” tashkil etilib, ular “Green University” tizimiga biriktiriladi. 2028-2029 o‘quv yiliga borib o‘quvchi va talabalar soni 10 ming nafarga yetkaziladi.
Shuningdek, “10 ming qadam piyoda” tashabbusini tiklash, “Sog‘lom turmush tarzi” platformasini ishga tushirish, Samarqandda GEF-8 assambleyasi va “Eco Expo Central Asia 2026” ko‘rgazmasini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Qayd etilganidek, O‘zbekiston hududining 70 foizi arid zonadan iborat. Yer resurslarining yomonlashuvi iqtisodiyotga har yili 830 million dollar zarar keltirmoqda. Orol dengizining qurishi natijasida 3 million gektar maydon yaroqsiz holga kelgan.
Shu munosabat bilan 15 ta ixtisoslashgan laboratoriyani qamrab oladigan mintaqaviy qo‘shma ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish taklif qilindi. Unda sputnik ma’lumotlari, GIS va masofadan zondlash texnologiyalari asosida yerlar holatini raqamli monitoring qilish, qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklar bo‘yicha genetik bank shakllantirish va tuproq tahlil tizimini takomillashtirish yo‘lga qo‘yiladi.
Davlat rahbari ushbu loyihalarni ma’qulladi.
Toshkentda tirbandlik kamayishi va ekologiya yaxshilanishi kutilmoqda - yangi tizim ma’qullandi