O‘zbekistonda yashil energiya ishlab chiqarish hajmi 43% oshdi

Bugun O‘zbekistonda 15 ta quyosh fotoelektr stansiyasi hamda 5 ta shamol elektr stansiyasi energiya ishlab chiqarmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 22 mar - Sputnik. 2026 yilning dastlabki uch oyida O‘zbekistondagi quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmi 2 mlrd kVt⋅soatga yetdi, deb xabar qilmoqda Energetika vazirligi.
2026 yil boshidan kecha, 20-mart kuni holatiga quyosh fotoelektr stansiyalari tomonidan 959,2 mln kVt⋅soat, shamol elektr stansiyalari tomonidan esa 1 mlrd 56,2 mln kVt⋅soat, jami 2 mlrd 15,4 mln kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu o‘tgan yilning mos davridagidan 43 foizga ko‘p, - deyiladi xabarda.
Bugungi kunda respublikada umumiy quvvati 5 582 megavatt bo‘lgan 15 ta quyosh fotoelektr stansiyasi hamda 5 ta shamol elektr stansiyasi "yashil" energiya ishlab chiqarmoqda.
Ma’lumki, Respublikada qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanila boshlangan 2022-yili Navoiy va Samarqand viloyatlaridagi quyosh fotoelektr stansiyalari tomonidan 434 mln kVt⋅soat, 2023-yilda esa 576,9 mln kVt⋅soat energiya ishlab chiqarilgan.
2024 yili 9 ta quyosh va 1 ta shamol elektr stansiyasi tomonidan ishlab chiqarilgan jami elektr energiyasi hajmi 4 mlrd 860 mln kVt·soatni tashkil qilgan bo‘lsa, 2025-yilda barcha quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmi 10,5 mlrd kVt⋅soatga yetdi.
2026 yil boshidan 20-mart kuniga qadar O‘zbekistondagi barcha gidroelektr stansiyalar va quyosh hamda shamol elektr stansiyalari tomonidan 3 mlrd 160 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi.
Buning natijasida 839 mln kub metr tabiiy gaz tejashga erishildi va atmosferaga 1 mln 808 ming tonnadan ortiq zararli moddalar chiqishining oldi olindi.