“Prezidentimizning yaqinda bo‘lib o‘tgan huzurlaridagi taqdimotda aynan O‘zbekistonning birinchi ilmiy sun’iy yo‘ldoshini fazoga uchirish bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi. U bo‘yicha hozir “O‘zbekkosmos” agentligi yetti nafar talabani magistraturada tahsil olishi uchun Yaponiyaning Kushu texnologiya universitetiga yuborgan”, - deydi “O‘zbekkosmos” matbuot kotibi Akmal Nazarov.
“Sun’iy yo‘ldoshimiz CubeSat turiga mansub, ya’ni bu kichik hajmdagi sun’iy yo‘ldosh. U asosan Yerni masofadan zondlash uchun ishlatiladi. Hozirda biz bu loyiha ustida faoliyat olib bormoqdamiz. Mening vazifam sun’iy yo‘ldoshning tashqi va ichki qismini modellashtirish. Sun’iy yo‘ldoshning chidamliligini aniqlash juda ham muhim. Biz uni birinchi bo‘lib Yerda sinovdan o‘tkazamiz. Ma’lumotlar tasdiqlangandan keyin biz uni havoga jo‘natamiz”, - deydi Yaponiyada tahsil olayotgan talaba Habibulloh Azimjonov.
"Ya’ni kim kosmonavt bo‘ladi, u ayol kishimi, erkak kishimi yoki yoshroq yigitmi, ana shular bo‘yicha ochiq tanlov e’lon qilinadi. Ochiq tanlovda har bir nomzodning sog‘lig‘i, har bir organining sog‘lomligi tekshiriladi. Keyin ruhiy bosimlarga chidamliligi tekshiriladi. Hamma jarayonlarni o‘tgandan keyin kosmik stansiyalarda sinov jarayonlaridan o‘tadi. Ular har xil turli, kuchli attraksionga o‘xshagan narsalarda sinovdan o‘tadi. Sinovlardan o‘tgan nomzod oxirida kosmosga uchish imkoniyatiga ega bo‘ladi”, - deydi u.