TOShKENT, 19 mar — Sputnik. 23 martdan boshlab “Toshavtobustrans” MChJ tomonidan “Mashinasozlar” metro bekati (Toshkent) — Chorbog‘ (Humson qo‘rg‘oni) avtobus yo‘nalishi qayta ishga tushiriladi. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” AJ matbuot xizmati xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, yo‘nalishga MAN RR3 rusumli turistik avtobuslar biriktiriladi. Ushbu avtobuslar 47 o‘rindiqli, shinam bo‘lib, kondsionerlar bilan jihozlangan. Yo‘lkira narxi 25 ming so‘m etib belgilangan.
Avtobusning birinchi qatnovi har kuni soat 06:00 da “Mashinasozlar” metro bekatidan yo‘lga chiqadi. Qatnovlar har 1,5 soatda amalga oshiriladi. Bir tomonlama safar vaqti taxminan 1 soat 30 daqiqani tashkil etadi.
So‘nggi qatnov Chorbog‘ tomondan soat 20:30 da amalga oshiriladi va avtobus 22:00 da “Mashinasozlar” metro bekatiga yetib keladi.
Yo‘nalish avtobuslari “Mashinasozlar” metro bekatidan yo‘lga chiqib, Maxtumquli ko‘chasi, Yangi O‘zbekiston bog‘i, Xojikent mavzesi, Chinorkent maskani orqali Humson qo‘rg‘onigacha harakatlanadi.
Yo‘lovchilar uchun naqd pul va bank kartalari orqali to‘lov qilish imkoniyati mavjud.
Shuningdek, “Toshshahartransxizmat” AJ Ramazon hayiti munosabati bilan 2026-yil 20-mart kuni Toshkent shahrida jamoat transporti harakati ertalab soat 04:00 dan boshlanishini ham ma’lum qildi.