Navro‘z va Ramazon hayiti arafasida 392 nafar shaxs afv etildi

Afv etilganlar orasida ayollar, yoshlar, chet el fuqarolari va 60 yoshdan oshgan shaxslar bor, ularni ijtimoiy moslashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Sputnik
TOShKENT, 19 mar — Sputnik. Navro‘z umumxalq bayrami va muborak Ramazon hayiti arafasida O‘zbekistonda jazo muddatini o‘tayotgan 392 nafar shaxs afv etildi. Bu haqda prezidentning tegishli farmoniga tayangan holda O‘zA xabar qildi.
Xabarda aytilishicha, afv etilganlar qilmishiga chin dildan pushaymon bo‘lgan hamda tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan shaxslardir.
Afv etilganlarning 223 nafari asosiy jazodan to‘liq ozod qilindi, 82 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod etildi, 34 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi. Shuningdek, 53 nafar shaxsga tayinlangan qamoq jazosi muddati qisqartirildi.
Afv etilganlar orasida 3 nafar chet el fuqarosi, 26 nafar ayol, 14 nafar 60 yoshdan oshgan erkak, 166 nafar yoshlar hamda 24 nafar taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxs bor.
Mas’ul vazirlik va idoralarga afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytarish, ularning ijtimoiy hayotga moslashishi, foydali mehnat bilan shug‘ullanishi hamda jamiyatda munosib o‘rin topishiga ko‘maklashish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Mirziyoyev Konstitutsiya kuni munosabati bilan 615 nafar mahkumni afv etdi