TOShKENT, 19 mar — Sputnik. O‘zbekistonda respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida qog‘oz sarfini qisqartirish choralari belgilandi. Bu bo‘yicha tegishli hukumat qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-maydan respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida qog‘oz, siyoh, printer va nusxa ko‘chirish uskunalarini xarid qilish xarajatlari kelgusi besh yil davomida har yili 15 foizga kamaytirilgan holda rejalashtiriladi.
Shuningdek, idoralarda printerlardan markazlashgan holda umumiy foydalanish tizimi joriy etiladi. Bunda ochiq ofisda faoliyat yurituvchi har 20 nafar xodim uchun 1 dona printer ajratiladi.
1 iyunga qadar ishlatilgan qog‘ozlarni yig‘ish uchun maxsus chiqindi qutilari tashkil etiladi va ularni qayta ishlash korxonalariga yetkazish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Har bir tarkibiy bo‘linmada esa xodimlar soni, ish hajmi va haqiqiy ehtiyojdan kelib chiqqan holda qog‘oz sarfi bo‘yicha cheklov joriy qilinadi.
Bundan tashqari, respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida har oyda bir marta “Qog‘ozsiz bir kun” ekoaksiyasi o‘tkaziladi.