Tabiiy meros obyektlari bo‘yicha yangi tartib: ularda ayrim qurilish va faoliyat taqiqlanadi

Ushbu tartib noyob tabiiy hududlarni asrash, ekologiyani himoya qilish va ularda tabiatga zarar yetkazuvchi ayrim faoliyatlarni cheklashga xizmat qiladi.
Sputnik
TOShKENT, 18 mar — Sputnik. O‘zbekistonda milliy tabiiy meros obyektlarini ro‘yxatga kiritish tartibi tasdiqlandi. Endilikda davlat qo‘riqxonalari, milliy tabiat bog‘lari, buyurtma qo‘riqxonalar, tabiat yodgorliklari va davlat biosfera rezervatlari ushbu ro‘yxatga kiritilishi mumkin.
Yangi tartib noyob tabiiy hududlarni rasman himoya qilish mexanizmini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Endilikda bunday obyektlarni ro‘yxatga kiritish bo‘yicha takliflarni davlat organlari, xo‘jalik birlashmalari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolar ham kirita oladi. Taklifga obyekt haqida ma’lumot, geolokatsiya hamda foto-video materiallar ilova qilinadi.

Ro‘yxatga kiritilgan obyektlarning hududi va chegaralari aniq belgilanadi. Eng muhimi, bunday joylarda tabiiy muhitga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlariga cheklovlar joriy etilishi mumkin.

Xususan, bunday hududlarda sanoat va ishlab chiqarish korxonalari, ko‘p kvartirali uylar, baland inshootlar, chiqindi poligonlari hamda kimoviy moddalar omborlarini qurish uchun yer ajratish va qurilish ishlarini amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Yadro zonasida esa har qanday qurilish, ta’mirlash va hatto yengil turdagi qurilmalarni o‘rnatish ham taqiqlanadi.
Bu esa kelajakda noyob ekotizimlar, flora va fauna yashash hududlari, ko‘chib yuruvchi turlar makoni hamda muhim gidrologik obyektlarni asrashga xizmat qiladi.
Nizom shuningdek milliy tabiiy meros obyektlarini keyinchalik YuNESKO va boshqa xalqaro tashkilotlarning nufuzli ro‘yxatlariga kiritish uchun huquqiy asos yaratadi.
O‘zbekiston Qizil kitobi: ayrim hayvon va o‘simliklar chiqarilishi va ayrimlar qo‘shilishi mumkin