TOShKENT, 18 mar – Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev 18-mart kuni “Muborak Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Hujjatga ko‘ra, O‘zbekistonda 2025-yil 20-mart kuni Ramazon hayiti bayrami sifatida keng nishonlanadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda bayram tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etadi. Ramazon hayiti milliy an’ana va urf-odatlarga hamda Navro‘z umumxalq bayramiga uyg‘un holda ko‘tarinki ruhda o‘tkazilishi belgilangan.
Shuningdek, bayram kunlarida aholi o‘rtasida mehr-oqibat, hamjihatlik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashga qaratilgan madaniy-ma’rifiy hamda xayriya tadbirlari tashkil etiladi.
Turizm qo‘mitasi Transport vazirligi bilan birgalikda yurtdoshlar uchun mo‘’tabar ziyoratgohlar va tarixiy qadamjolarga ziyoratlarni yo‘lga qo‘yish, buning uchun qulay sharoitlar yaratish choralarini ko‘radi.