TOShKENT, 17 mar — Sputnik. Istanbulda 2019-yilda bedarak yo‘qolgan O‘zbekiston fuqarosi Hurriyat Tursunboyeva ishi ochildi, uning turkiyalik turmush o‘rtog‘i Ersin Y. qotillikni tan olgan. Taxminlarga ko‘ra, u jasadni bo‘laklarga ajratib, axlat qutisiga tashlagan. Bu haqda Turkiyaning bir necha OAV xabar berdi.
Gap Istanbulning Maltepe tumanida 2019-yildan beri qidiruvda bo‘lgan 36 yoshli Hurriyat Tursunboyeva haqida ketmoqda. Ish uning singlisi Sevara Zohidovaning bedarak yo‘qolganlik haqidagi arizasi asosida qayta ko‘rib chiqilgan. Yangi tekshiruv Istanbul politsiyasi eski ochilmay qolgan ishlarini qayta o‘rgana boshlaganidan keyin faollashgan.
Tergov davomida qo‘shnilar politsiyaga Ersin Y. rafiqasi Turkiyadan deportatsiya qilinganini aytganini bildirgan. Shu bilan birga, xonadondan kelayotgan noxush hidni u kabutarlar bilan izohlagan.
Ammo tergovchilar Hurriyat Tursunboyeva mamlakatni tark etmaganini, uning telefon aloqasi o‘sha vaqtda Turkiyada faol bo‘lganini aniqladi.
Shuningdek, Ersin Y. rafiqasi uni tashlab ketganini vaj qilib ajrashish uchun ariza bergani ma’lum bo‘ldi. Keyingi surishtiruvlarda u do‘stining shaxsidan foydalanib, safar qilganiga e’tibor qaratildi, xonadon qayta ko‘zdan kechirildi va sud ekspertlari lyuminol yordamida oshxona hamda balkonda qon izlarini aniqladi.
Ersin Y. 9-mart kuni Gruziyadan Turkiyaga kirayotganda qo‘lga olingan. U bilan birga ish bo‘yicha uning do‘sti Anil Y. ham ushlangan. Tergovda Ersin Y. rafiqasi bilan janjal ortidan uni o‘ldirganini tan olgan.