TOShKENT, 17 mar — Sputnik. Yer va mol-mulk solig‘i bo‘yicha qarzi 1 million so‘mdan oshgan jismoniy shaxslarga nisbatan elektr to‘loviga cheklov qo‘yish mexanizmi joriy etilmoqda. Bu haqda Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Shu maqsadda “Soliq billing” avtomatlashtirilgan axborot tizimi ishlab chiqildi. U 16-apreldan Namangan viloyatida eksperiment tariqasida joriy etiladi.
Ma’lum qilinishicha, soliq qarzi 1 million so‘mdan oshganda fuqaro bir necha bosqichda ogohlantiriladi.
Avvalo soliq hisoblangani haqida xabarnoma yuboriladi, keyin SMS orqali eslatma beriladi. Shuningdek, xabarlar “Soliq” mobil ilovasi va my.gov.uz orqali ham yuborilishi mumkin.
Shundan so‘ng fuqaroga elektr to‘loviga vaqtinchalik cheklov kiritilishi mumkinligi haqida alohida SMS yuboriladi. Undagi havola orqali qarzdorlik qachon shakllangani va ogohlantirish qaysi bosqichda ekanini kuzatish mumkin bo‘ladi.
Agar barcha ogohlantirishlarga qaramay qarzdorlik bartaraf etilmasa, fuqaroning elektr energiyasi uchun to‘lov qilish imkoniyatiga vaqtinchalik cheklov qo‘yiladi. Qarz to‘langanidan so‘ng cheklov onlayn tartibda darhol bekor qilinadi.