TOShKENT, 17 mar — Sputnik. Samarqand viloyatidagi Imom al-Buxoriy yodgorlik majmuasi ziyoratgohi ochilishga tayyorlanmoqda, deb xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Samarqand va Payariq tumani chegarasida joylashgan ziyoratgoh 2019-yildan buyon rekonstruksiya qilindi. Shu vaqt ichida nafaqat majmuaning o‘zi, balki yaqin atrofdagi aholi punktlari ham yangilandi.
Bu yerda yangi maqbara, 10 ming kishiga mo‘ljallangan masjid, muzey va ma’muriy bino barpo etildi. Balandligi 75 metr bo‘lgan to‘rtta minora majmuaning asosiy me’moriy dominantlaridan biriga aylandi.
Ilgari kuniga ko‘pi bilan 12 minggacha ziyoratchini qabul qila olgan ziyoratgoh yangilanganidan so‘ng 65 minggacha ziyoratchini qabul qila oladi.
Ziyoratgoh atrofida 20 tadan ortiq mehmonxona, 10 taga yaqin restoran, 1800 ta avtomobilga mo‘ljallangan avtoturargoh, elektromobillar uchun quvvatlash stansiyalari va mehmonlar uchun boshqa xizmatlar paydo bo‘ldi.
Majmua joylashgan Xo‘ja Ismoil mahallasi ham to‘liq yangilandi.
Majmua Ramazon hayiti va Navro‘z bayrami arafasida ochilishi kutilmoqda.