TOShKENT, 16 mar — Sputnik. AQSh prezidenti Donald Tramp Erondagi Xarg orolini bosib olish ehtimolini ko‘rib chiqmoqda.. Bu haqda "Axios" nashri o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, Tramp bu ssenariyni Eron iqtisodiyotiga hal qiluvchi zarba, ya’ni “iqtisodiy nokaut” sifatida ko‘rmoqda. Ayni paytda Oq uyda orol bo‘yicha hozircha yakuniy qaror qabul qilinmagani aytilgan.
Xarg oroli Eronning eng muhim neft xablaridan biri hisoblanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, orol orqali mamlakat neft eksportining qariyb 90 foizi amalga oshiriladi. Shu bois u AQSh–Eron qarama-qarshiligida yana strategik nuqtaga aylandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Tramp Xarg oroli infratuzilmasiga yangi zarbalar ehtimolini ham istisno qilmagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kema qatnovini tiklash ishlari cho‘zilsa, “vaziyat o‘zgarishi mumkin”.
Nashrning ta’kidlashicha, bunday qadam joylarda qo‘shinlar bo‘lishini talab qiladi va Eronning Fors ko‘rfazi mamlakatlari, xususan, Saudiya Arabistonidagi neft obyektlari va quvurlariga javob zarbalarini keltirib chiqarishi mumkin.
Shu bilan birga, Tramp Xarg orolidagi neft quvurlariga zarba berish uchun AQShga besh daqiqa kifoya qilishini, Tehron esa bunga qarshi hech narsa qila olmasligini aytgan.
Avvalroq u AQSh Fors ko‘rfazidagi Eronning Xarg orolini bosib olishni rejalashtirayotgani haqidagi savolga javob berishdan bosh tortgan edi.
“Men bunday savolga javob bera olmayman... Buni umuman so‘ramasliging kerak edi”, — degan Tramp jurnalistga.
Bu tahdidlar fonida Eron vakili Ibrohim Zulfiqoriy BAAni Xark oroliga hujum oqibatida Amerika nishonlariga zarba berilishi mumkinligidan ogohlantirdi.
“Biz BAA rahbariyatiga shuni ma’lum qilamizki, Eron o‘z suvereniteti va hududlarini himoya qilish uchun kemalar qatnaydigan portlardagi Amerika raketalari uchirilgan joylarga, shuningdek, BAAning bir qator shaharlaridagi Amerika harbiylari joylashgan va yashiringan joylarga zarba berishni qonuniy huquq deb biladi”, — deyiladi bayonotda.
Zulfiqoriy, shuningdek, Eron infratuzilmasiga hujum qilingan taqdirda, mintaqadagi AQSh bilan bog‘liq neft kompaniyalarining neft, iqtisodiy va energetika infratuzilmasi “kul tog‘lariga aylanishi”ni aytdi.