TOShKENT, 16 mar — Sputnik. O‘zbekistonda tashxis qo‘yish va davolash usulini belgilashda qarorlarni faqat sun’iy intellekt xulosasi asosida qabul qilish mumkin emasligi belgilandi.
Bu norma davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan, sun’iy intellektga asoslangan yechimlarni yaratish, joriy qilish va ulardan foydalanish bo‘yicha etika qoidalarida belgilandi.
Shuningdek, quyidagi holatlarda ham faqat sun’iy intellekt xulosasiga tayanishga yo‘l qo‘yilmaydi:
inson huquq va erkinliklariga daxldor qarorlarda;
yuridik ahamiyatga ega va boshqa qarorlarni qabul qilishda;
faqat sun’iy intellekt texnologiyalari asosida ishlaydigan axborot tizimlari xulosasiga suyanilganda.
Hujjatda sun’iy intellektdan foydalanishning asosiy etika tamoyillari ham belgilangan. Ular quyidagilar:
qonuniylik;
shaxs, jamiyat va davlat manfaatlari hamda atrof-muhitni himoya qilish ustuvorligi;
tushunarlilik;
mas’uliyat, javobgarlik va nazorat;
adolatlilik va kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik;
ochiqlik va shaffoflik;
ma’lumotlar himoyasi;
ishonchlilik va xavfsizlik.
Shu bilan birga, ishlab chiquvchi va joriy etuvchilar foydalanuvchilarga quyidagilar haqida ma’lumot berishi shart:
sun’iy intellektdan qaysi maqsadlarda foydalanish mumkinligi yoki taqiqlanishi;
u chiqargan yechim va qarorlar doim ham to‘g‘ri bo‘lmasligi;
natijalardan tavsiyaviy yoki ma’lumot uchun foydalanish mumkinligi.
Qoidalarda sun’iy intellekt sohasidagi ishtirokchilarning huquq va majburiyatlari ham alohida belgilab berilgan.