TOShKENT, 16 mar — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qilib, uni yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasi bo‘yicha referendum muvaffaqiyatli o‘tgani bilan tabrikladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Suhbatda qabul qilingan o‘zgarishlar Qozog‘istonning barqaror taraqqiyotini ta’minlash, shuningdek, mamlakatning xalqaro nufuzini yanada mustahkamlash uchun ishonchli huquqiy asos bo‘lishi ta’kidlandi.
Shuningdek, tomonlar oliy darajadagi kelishuvlar ijrosi nuqtayi nazaridan O‘zbekiston–Qozog‘iston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalarini ko‘rib chiqdilar.
Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport, madaniy-gumanitar va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma loyiha va dasturlarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi. Yetakchilar xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga ega dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashib, bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasini muhokama qildilar.
Eslatib o‘tamiz, Qozog‘istondagi referendum 15-mart kuni bo‘lib o‘tdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yangi Konstitutsiyani 88,6 foiz saylovchi qo‘llab-quvvatlagan, ovoz berishda ishtirok etish darajasi esa 73,24 foizni tashkil etgan.