AQSh oxir-oqibat Eronga yon berishga majbur bo‘ladi — NATO generali

Qo‘shma Shtatlarda kelajak uchun hech qanday harbiy strategiya yoki siyosiy qarash yo‘q — dedi harbiy mutaxassis.
Sputnik
TOShKENT, 14 mar — Sputnik. Bu urushda Eron katta yo‘qotishlarga duch keladi, ammo oxir-oqibat AQSh murosaga kelishi kerak bo‘ladi va bu ularning foydasiga bo‘lmaydi. Bu fikrni NATOning Kosovodagi Xalqaro xavfsizlik kuchlarining sobiq qo‘mondoni, italiyalik general Fabio Mini TASSga bergan intervyusida ma’lum qildi.
"Eron Qo‘shma Shtatlarning to‘liq harbiy qudratiga bardosh bera olmaydi, ammo u jiddiy zarar yetkazishga qodir. Eron uzoq davom etadigan qarama-qarshilikka tayyor va raqib tomonni ham iqtisodiy, ham o‘q-dorilar ta’minotidan uzishga intiladi", - dedi general.
Fabio Mini aytishiga ko‘ra, o‘tgan yilgi urush ham aynan AQSh ixtiyoridagi qurol-aslaha tugagani sababli 12 kundan keyin to‘xtatilgan.
"Bu safragi ssenariy ham shunga o‘xshash, faqat ular endi yadroviy inshootlar o‘rniga fuqarolik binolarini nishonga olmoqda. Eron ko‘p narsani yo‘qotadi, lekin oxir-oqibat Qo‘shma Shtatlarni murosaga kelishga majbur qiladi va bu AQSh foydasiga emas, Eron foydasiga bo‘ladi", - deb hisoblaydi mutaxassis.
Uning fikricha, bugungi vaziyatda Isroil ham katta xavf ostida, chunki "oxir-oqibat u dunyoda ishonch va o‘z mavqeyini yo‘qotadi".

Bugungi kunda dunyoda diplomatiyaga ishonch kamayib, ko‘plab davlatlarda qurollanish istagi paydo bo‘lmoqda, lekin bu haqiqatni "juda tor tushunishni" anglatadi.
Uning fikriga ko‘ra, Ukraina va Yaqin Sharqdagi mojaroning asosiy sababi ham uzoq muddatli strategiya va kelajak uchun siyosiy qarashning yo‘qligida.
"Ukraina mojaroni ancha oldin boy bergan va faqat harbiy yordam olish uchun kurashishda davom etmoqda, buning uchun keyinchalik baribir to‘lashi kerak bo‘ladi. Yevropa mamlakatlari ham uzoqni ko‘ra olmaslikni ko‘rsatmoqdalar: energiya ta’minotiga to‘liq qaram bo‘lgan holda, ular eng yirik yetkazib beruvchisi bilan kurashmoqdalar. Bu kelajak uchun yaxshi natija bermaydi", - deb xulosa qildi Fabio Mini.

Eron qanday holda urushni to‘xtatishi mumkin?

Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining sobiq qo‘mondoni Mohsen Rizoiy ma’lum qilishicha, Tehron faqat ikki shart bajarilgan taqdirdagina AQSh bilan harbiy harakatlarni to‘xtatish masalasini ko‘rib chiqishi mumkin:
Birinchi navbatda, urush davomida yetkazilgan barcha moddiy zarar to‘liq qoplanishi kerak.
Ikkinchidan, Eron uchun kelajakda xavfsizlik kafolatlari ta’minlanishi lozim. Bu faqatgina AQSh qo‘shinlari Fors ko‘rfazidan to‘liq chiqib ketganidan so‘ng amalga oshadi.
Vashington ushbu shartlarni bajarmaguncha Eron ortga chekinmasligini alohida ta’kidladi.