TOShKENT, 13 mar – Sputnik. 13 mart soat 07:00 holatiga ko‘ra AQSh va Isroilning Eronga qarshi hujumi boshlanganidan buyon Yaqin Sharq mamlakatlaridan 32 934 nafar O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarildi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
12 mart kuni mamlakatning Qatardagi elchixonasi tomonidan 49 nafar o‘zbekistonlik BAA va Saudiya Arabistoniga yetkazilib, so‘ngra Toshkentga uchib ketishlari ta’minlandi. Ayni paytda navbatdagi fuqarolar guruhi shakllantirilib, ularning Doha shahridan Dubay orqali O‘zbekistonga qaytishi masalalari ishlab chiqilmoqda.
BAAdagi diplomatik vakolatxonalar esa 147 nafar fuqaroning Toshkentga uchib ketishiga ko‘maklashdi.
O‘zbekistonning Erondagi elchixonasi tomonidan 5 nafar vatandoshning qo‘shni davlatlar hududi orqali chiqib ketishi ta’minlandi. Isroildagi diplomatlar tomonidan 4 nafar fuqaroning Misr orqali O‘zbekistonga qaytishi tashkil etildi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchixonasi, Jidda shahridagi bosh konsulxonasi va Transport vazirligi bilan hamkorlikda charter reyslari orqali 2 735 nafar fuqaroning vatanga qaytishi ta’minlandi. Mazkur mamlakatda evakuatsiya tadbirlari yakunlandi.
“O‘zbekiston fuqarolarining xavfsiz tarzda vatanga qaytarilishini ta’minlash bo‘yicha diplomatik vakolatxonalar faoliyati davom etmoqda. Vatanga qaytish istagini bildirgan fuqarolar bilan ishlar davom ettirilmoqda”, — deyiladi xabarda.
Yaqin Sharq mintaqasida yuzaga kelgan vaziyat munosabati bilan O‘zbekiston TIV tomonidan fuqarolar murojaatlarini tezkor qabul qilish maqsadida maxsus Telegram bot (@tiv_yordam_bot) ishga tushirilgan.
Mazkur bot orqali mintaqa davlatlarida bo‘lib turgan fuqarolar:
konsullik masalalari bo‘yicha murojaat yo‘llashi;
o‘z joylashuvi va holati haqida ma’lumot qoldirishi;
zarur holatlarda tezkor yordam so‘rashi mumkin.