Aliment to‘lovchilarning xorijga chiqib ishlash tartibi soddalashtirishi mumkin

Xorijda ishlash istagida bo‘lgan aliment to‘lovchilar bilan uch tomonlama shartnoma tuzib, til va kasbga o‘rgatib, xorijga yuqori daromadli ishlarga yuborilishi mumkin.
Sputnik
TOShKENT, 13 mar – Sputnik. O‘zbekistonda aliment to‘lovchilarga ham chet elga chiqib ishlash imkoni berilishi mumkin. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishida bu masala muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, 2025-yilda aliment bilan bog‘liq 70 mingta murojaat kelib tushgan. Majburiy ijro burosi aliment bo‘yicha ariza tushsa, undirib berayotgani, lekin aliment to‘lovchining rasmiy daromadi bo‘lmagani uchun murojaatlarning 30 foizi hal qilinmasdan qolayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Bu borada hokimlar aliment to‘lovchilarning qanchasining kasbi bor, lekin ishsiz, qanchasini o‘qitish kerakligini tahlil qilmayotgani, shundan kelib chiqib, bandlik bo‘limi va “mahalla yettiligi” oldiga aniq masala qo‘ymayotgani tanqid qilindi. Hududlarda ishlarni shu tartibda tashkil qilsa, aliment bo‘yicha murojaatlar ikki karra kamayishi mumkinligi qayd etildi.
Tashkiliy migratsiya asosida odamlarni o‘qitib, chet eldagi yuqori daromadli ishlarga yuborish bo‘yicha tizim yaratilgani, lekin aliment majburiyati bo‘lgan odamlar bu imkoniyatdan foydalana olmayotgani qayd etildi. Chunki fuqaro chetga chiqishi uchun 5-yillik aliment pulini oldindan to‘lashi yoki aliment oluvchidan yozma rozilik olishi kerak.
Xorijda ishlash istagida bo‘lgan aliment to‘lovchilar bilan uch tomonlama shartnoma tuzib, til va kasbga o‘rgatib, xorijga yuqori daromadli ishlarga yuborilishi mumkin.
Prezident mutasaddilarga bu masalani chuqur o‘rganib, tegishli taklif kiritishni topshirdi.
Aliment to‘lovchilar sug‘urta bilan vaqtinchalik chet elga chiqishi mumkin bo‘ladi