Aholi murojaatlari bilan ishlashda yangi tizim joriy qilinadi

Hokimlar arizada ko‘tarilgan masalani hal qilishning o‘zi bilan cheklanmaydi. Aksincha, muammoning kelib chiqish sababi bilan ishlaydi.
Sputnik
TOShKENT, 13 mar – Sputnik. Aholi murojaatlari bilan ishlashda yangi tizim joriy qilinib, Xalq qabulxonalari faqatgina ariza qabul qiluvchi organ emas, balki hududdagi muammolarni diagnostika qiladigan markaz bo‘ladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Ma’lum qilinishicha, Xalq qabulxonalarini odamlarning bugungi talabiga mos holda o‘zgartiradigan vaqt keldi.
Bundan keyin “Har bir inson va xonadon muammosini bilib, vaqtida ko‘mak berishim kerak” degan shior har bir tuman, shahar, viloyat hokimi, vazir, uning hududiy tashkilot rahbarlarining bosh qoidasi bo‘lishi kerak.

“Bugun odamlarning dunyoqarashi o‘zgarib, shaxsiy masalada emas, mahallasidagi sharoitni yaxshilash yuzasidan taklif berishni afzal ko‘rapti. Lekin muammosi hal bo‘lmagan odamlar rahbarlar qabulini tashkil qilib berishni prezidentdan so‘rayapti. Endi bu tizim o‘zgaradi. Hokimlar arizada ko‘tarilgan masalani hal qilishning o‘zi bilan cheklanmaydi. Aksincha, muammoning kelib chiqish sababi bilan ishlashi kerak”, - dedi davlat rahbari.

Shu bois sohada yangi tizim joriy qilinib, Xalq qabulxonalari faqatgina ariza qabul qiluvchi organ emas, balki hududdagi muammolarni diagnostika qiladigan markaz bo‘lishi belgilandi.
Prezident yangi tizim qanday ishlashini Qarshi shahri misolida tushuntirib berdi.
O‘tgan yili Xalq qabulxonasiga Qarshi shahri aholisidan kelib tushgan 11 mingta murojaat tahlil qilindi.
Misol uchun, Qarshi shahridagi 255 nafar odam aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab yurganining sabablari o‘rganilganda ularning 193 nafari kasb-hunari bor bo‘lgani bilan ishsiz ekani, yana 62 nafari daromadini kamaytirib ko‘rsatayotgani aniq bo‘ldi.
Bu jarayonda hokimlik, banklar va hokim yordamchilari, shahar bandlik va MIB bo‘limlari birgalikda ishlab, fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qiladi, ishsizlarni hududdagi sanoat va servis korxonalaridagi vakant o‘rinlarga joylashtiradi. Xorijda ishlash istagida bo‘lgan aliment to‘lovchilar bilan uch tomonlama shartnoma tuzib, til va kasbga o‘rgatib, xorijga yuqori daromadli ishlarga yuboradi.
Shahar soliq inspeksiyasi esa Bosh prokuratura departamenti bilan birgalikda daromadini yashirib kelayotganlarning faoliyatini "soyadan" chiqaradi.
Shunda aliment to‘lovchilar qaramog‘ida bo‘lgan 700 nafarga yaqin bolaning moddiy ta’minoti o‘zgarishi ta’kidlandi.
Xalq qabulxonalariga kelayotgan murojaatlarning katta qismi Ichki ishlar (148 ming), Majburiy ijro burosi (134 ming), Energetika (88 ming), Bandlik (60 ming) va Sog‘liqni saqlash vazirligiga (56 ming) tegishli.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda har o‘n ming kishiga o‘rtacha 319 ta ariza va shikoyat to‘g‘ri kelmoqda. Bu ko‘rsatkich Toshkent shahrida 535 ta, Navoiy viloyatida 462 ta, Sirdaryo va Surxondaryoda 452 tadan, Jizzaxda 430 ta, Qashqadaryoda 368 ta, Toshkent viloyatida 350 tani tashkil qilmoqda.
Prezident: 2026-yil Toshkent uchun “Jadal rivojlanish va aholi daromadlari o‘sishi” yili bo‘ladi