TOShKENT, 12 mar — Sputnik. Rossiyaning "Red Wings" aviakompaniyasi Yekaterinburgdan O‘zbekistonga yangi yo‘nalishni yo‘lga qo‘yadi — 14-aprel kuni Kolsovo aeroportidan Urganchga birinchi reys amalga oshiriladi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Shu tariqa Urganch Ural poytaxtidan "Red Wings" orqali parvoz qilish mumkin bo‘lgan O‘zbekistonning ikkinchi shahriga aylanadi. Aviakompaniya 2022-yildan buyon Yekaterinburg — Buxoro yo‘nalishida ham muntazam qatnovlarni amalga oshirib kelmoqda.
Parvozlar har seshanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 04:30 da SSJ-100 samolyotlarida bajariladi. Safar davomiyligi 2 soat 50 daqiqani tashkil etadi.
"Yangi yo‘nalish Urganch orqali mashhur qadimiy Xiva shahriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘l ochadi. Xivadagi Ichan qal’a YuNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan va o‘rta asrlar me’morchiligining noyob namunasi sanaladi", - deyiladi xabarda.
"Red Wings" Rossiyaning yirik o‘nta aviakompaniyasidan biri bo‘lib, muntazam va charter yo‘lovchi tashuvlari, biznes-aviatsiya hamda yuk tashish xizmatlariga ixtisoslashgan. Kompaniya yo‘nalishlar tarmog‘i 100 tadan ortiq Rossiya va xalqaro manzillarni qamrab oladi.